Prezidentning yangi haftadagi ish rejasi maʼlum qilindi

    Mamlakatimizda 25 Iyul 2022 2245

    Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning anʼanaviy dushanba brifingi biroz tanaffusdan soʻng yana qayta tiklandi va kelgusi haftadan yangi formatda davom etadi.

    Davlat rahbarining bu hafta ish rejasi quyidagicha:

    • Tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
    • 28-29-iyul kunlari Toshkentda Shanhay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Shavkat Mirziyoyevning Tashkilot tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvi koʻzda tutilgan.
    • 25-26-iyul kunlari Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etadi. Ularga Prezident murojaati yoʻllanadi.

    Brifingda oʻtgan hafta davlat rahbari ishtirokidagi tadbirlar haqida ham batafsil axborot berildi.

    Sherzod Asadov Prezidentning yakshanbasi qanday oʻtgani haqida:

    "Haftaning soʻnggi kuni yakshanba dam olish kuni boʻlishiga qaramasdan davlatimiz rahbari uchun faol tarzda kechdi. Prezidentimiz Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari, shuningdek, Turkiya Respublikasi yetakchilari bilan telefon orqali muloqotlar qildi.

    Muloqotlarda xorijiy davlat rahbarlari Prezidentimizni tavallud ayyomlari bilan qutladilar, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarning yanada rivojlantirish borasida suhbat qildilar.

    Shu oʻrinda alohida qayd etib oʻtish lozim, Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi oshib bormoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari, saʼy-harakatlari xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilmoqda.

    Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun hurmatli Shavkat Miromonovich Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlanganliklari ham buning bir ifodasi boʻldi."