Tokioga tashrif yakunida Oʻzbekiston – Yaponiya munosabatlari kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi, deb yozadi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻzining telegram kanalida.

    Qayd etilishicha, ushbu mamlakat Imperatori, Bosh vaziri, Parlamentning ikkala palatasi rahbariyati, Hukumat aʼzolari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va akademik hamjamiyat vakillari bilan oʻtkazilgan muzokara va uchrashuvlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik anʼanaviy format doirasidan chiqib, uzoq muddatli strategik oʻlchov kasb etganini yaqqol namoyon etdi.

    Tashrifning asosiy xususiyati iqtisodiy sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitishga yoʻnaltirilganidadir. Koʻp yillar davomida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlar asosan gumanitar hamkorlik va texnik koʻmak loyihalariga tayangan edi. Bugun esa Oʻzbekiston Prezidentining pragmatik va izchil siyosati natijasida ikki tomonlama kun tartibi qayta shakllantirilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha yoʻnalishlarini qamrab oldi.

    Bunga yorqin dalil sifatida qiymati 12 milliard dollardan ortiq boʻlgan yangi kooperatsiya loyihalari portfelining shakllantirilganini keltirish mumkin. Ushbu kelishuvlar taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xoʻjaligi, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalarini qamrab oladi. “Yashil” energetika, energiyani saqlash tizimlari va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish boʻyicha qoʻshma loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, yetakchi yapon korporatsiyalari bilan uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston Prezidentining “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining ilk sammitida ishtirok etgani ham muhim voqea boʻldi. Hududiy oʻzaro bogʻliqlikni chuqurlashtirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, investitsiyaviy va raqamli sheriklikni kengaytirish, inson kapitali salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik arxitekturasini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilayotganini aks ettiradi. Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasining qabul qilinishi ushbu yondashuvni koʻp tomonlama darajada mustahkamladi.

    Umuman olganda, Yaponiyaga rasmiy tashrif natijalari Oʻzbekistonning dunyodagi yetakchi texnologiya va investitsiya markazlaridan biri bilan toʻlaqonli strategik sheriklikka bosqichma-bosqich oʻtayotganini koʻrsatadi. Bu esa mamlakatimizning ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalarini amalga oshirish, mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda oʻz mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosatini tasdiqlaydi.

    Yaponiyadagi tadbirlar yakunlanganidan soʻng davlatimiz rahbari amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi. Sankt-Peterburg shahrida muhim kun tartibiga ega tadbirlar – Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishi hamda MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtadi.