Bu haqda quyi palata majlisida Bosh prokuror oʻrinbosari Dilmurod Qosimov maʼlum qildi.

Ishchi guruhlardagi seysmolog, quruvchi, konstruktor, arxitektor va muhandislar tomonidan 10 ming 705 ta (90 foiz) koʻp kvartirali uy-joylar hujjatli va vizual oʻrganib chiqildi.

Shundan 3 ming 107 ta uy-joy xususiy ekspertizadan oʻtkazilgan, 1 ming 434 tasi roʻyxatdan oʻtmagan va 185 tasida noqonuniy ravishda qavat qoʻshilgani aniqlandi.

Oʻrganish natijasida 9 ming 397 ta (88 foiz) uy-joy mustahkamligi talabga javob berishi va 1 ming 308 ta (12 foiz) uy-joyda instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish lozimligi aniqlanib, shundan 417 ta (31 foiz) uy-joyda tekshiruv yakunlandi.

Tekshiruv natijalari 339 ta uy-joy seysmik mustahkamligini, 77 tasini qoʻshimcha mustahkamlash talab etilishini va 1 tasi seysmik zaifligini koʻrsatdi.

Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyuldan oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtkazish toʻxtatilgan boʻlsada, noqonuniy qurilishlar soni 213 taga oshganligi aniqlandi.

Koʻrilgan choralar natijasida 85 ta qoidabuzar loyiha tashkilotining faoliyatini toʻxtatish yoki litsenziyasini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan, 8 tasining litsenziyasi bekor qilingan. 115 ta bino belgilangan tartibda buzdirildi, 98 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.