Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bogʻliq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona toʻlovlarini undirish bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Fuqarolik protsessual kodeksida, Iqtisodiy protsessual kodeksida va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar boʻyicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga boʻlgan huquqi belgilanmoqda, shuningdek mazkur toifadagi ishlarni koʻrish yakunlari boʻyicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniqlashtirilmoqda.