Dunyo olimlarining o'zaro muloqotda bo'lishi va ilmiy ishlar natijalarini keng ommaga yetkazilishi odatda turli nashrlar (jurnal, monografiya, konferentsiya materiallari va hokazo) orqali amalga oshiriladi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ham olimlarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar nashr etishi muhim hisoblanadi. Maqolalarni chop etish va ularning mazmun-mohiyati, tayorlash, nashr etish bosqichlarining bari uzoq bir jarayonni o'z ichiga oladi.

Maqolani jorijiy mamlakatlar ruknida chop etishda Xalqaro ilmiy til sifatida ingliz tili qabul qilingani barchamizga ayon. Mana shunday jarayonlarda olim va izlanuvchilarga ko'mak berish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi “Proofreading Service” xizmatini taqdim etdi.

Proofreading — bu olimlar tomonidan tayyorlangan ilmiy maqola matnini yuqori reytingga ega bo'lgan jurnallar talablariga muvofiq tahrir qilish, yozma ingliz tili matnini yaxshilash, orfografik va grammatik xatolarni bartaraf etish, belgilangan texnik talablarga moslashtirish xizmatidir.

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi “Proofreading Service” bilan 2019 yil hamkorlikka kelishilgan bo'lib, hozirgi kunga qadar vazirlik portali orqali O'zbekistonda tadqiqot olib borayotgan olimlardan kelib tushgan 800 dan ortiq maqolalar o'rganib chiqildi. Shulardan texnik talablarga mos keluvchi 92 ta maqola saralab olindi va “Springer Nature” nashriyotiga onlayn ko'rinishda taqdim etildi. Ushbu maqolalar nashriyot tomonidan tegishli talablarga moslashtirilib, nufuzli jurnallarda chop etishga olingani to'g'risida sertifikat taqdim etildi.

Ushbu xizmatdan foydalanish O'zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan barcha tashkilotlarda mehnat qilayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki fuqaroligi bo'lmagan olim va mutaxassislar uchun bepul taqdim etilmoqda.  

“Proofreading Service” xizmatiga taqdim etilayotgan ilmiy maqolalar bir necha bosqichlardan o'tgach, elektron pochta orqali Innovatsion rivojlanish vazirligi portali orqali yuboriladi va natijalar topshirilgan muddatdan boshlab ikki oy ichida elektron pochta orqali ma'lum qilinadi.

Mazkur servis qulayliklari va aniq ma'lumotlar berish borasida joriy yil Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va “Research support center” markazi hamkorlikda "Maqola chop etish bo'yicha onlayn platformadan foydalanish" mavzusida vebinar tashkil etdi. Ushbu seminarga yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilmiy tashkilot va oliy ta'lim muassalaridagi olimlar, izlanuvchi va tinglovchilar qatnashib, kengrok ma'lumotlarga ega bo'lishdi.

O'ylaymanki, kelgusida olimlar va izlanuvchilar bilan maqola chop etish borasidagi hamkorlikni kengaytirib, ular takliflari asosida vazirlik tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar sifati doimiy tarzda oshirib boriladi va bu platforma ilmiy faoliyatni rivojlantirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Aziza ASLANOVA