Muz maydoni foydalanishga topshirildi

    Tadbirda Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish boʻyicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin oʻzining “Qish” dasturi bilan ishtirok etdi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, “Art Uz Promotion Agency”, shuningdek “Saxovat” va “Weber” savdo belgilari hamkorligida yoʻlga qoʻyilgan “Ochiq osmon ostidagi shahar muz maydoni” loyihasi asosida qurilgan muz maydoni foydalanishga topshirildi. Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatri oldida joylashgan mazkur maydonni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev rasman ochib berdi.

    – Davlatimiz rahbarining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida mamlakatimizda aholining sport bilan shugʻullanishi va sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shahrimizda ochiq osmon ostida 800 kvadrat metr maydonda ilk marta muz maydonining ishga tushirilishi ham ana ishlarning bir qismi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Poytaxtimiz aholisi va shahrimizga tashrif buyurgan mehmonlar uchun bu kabi maydonlar sonini yana-da oshiramiz, – deya taʼkidladi J.Ortiqxoʻjayev.

    Tadbirda, shuningdek, Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish boʻyicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin oʻzining “Qish” dasturi bilan ishtirok etdi. Oʻzbek estradasi yulduzlari hamda yoshlarning chiqishlari tadbirga tashrif buyurganlarga maʼqul boʻldi.

    Loyihadan koʻzlangan maqsad aholi orasida sogʻlom turmush tarzi hamda sportni keng targʻib qilishdan iborat. Yurtdoshlarimiz bir oy mobaynida shu yerga tashrif buyurib, oʻz vaqtlarini mazmunli va foydali oʻtkazishlari mumkin. Bu vaqt mobaynida muz maydonida “Dance Music Fest Winter”, “Iosis Fest”, “Tashkent Rap Festival” musiqiy festivallari, shuningdek, xokkey boʻyicha oʻsmirlar chempionati, muz ustida raqs shousi tashkil etiladi. shular jumlasidandir.

    Tashkilotchilar tomonidan fud-kort zona xizmati yoʻlga qoʻyildi.

    – Biz odatda yoz mavsumida teatr hududidagi doʻkonchamizda muzqaymoq va salqin ichimliklar sotamiz, – deydi sotuvchi Komil Sharipov. – Muz maydonining ochilishi qishda ham doʻkon yuritish imkonini berdi. Issiq qahva, tez tayyor boʻluvchi taomlar, 20ga yaqin shirinliklar, turli ichimliklar hamda bolalar oʻyinchoqlari savdosini yoʻlga qoʻydik.

    Muz maydonida kunning birinchi yarmida xokkey, figurali uchish va muz ustidagi raqs boʻyicha bepul mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Tushdan soʻng esa koʻrgazmali chiqishlar namoyish etiladi.