Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Jumladan, “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi PQ–3606-son qarori bilan tasdiqlangan “Aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlar dasturi”ning 3-bandi ijrosini taʼminlash yuzasidan ishlab chiqilgan.

Qonunni ishlab chiqishda xalqaro tajriba oʻrganilgan, xususan, AQSH qonunchiligiga oʻxshash gospitalizatsiya mezonlari koʻrib chiqilgan. Rossiya, Belarus va qoʻshni davlatlardagi qonunchilik meʼyorlarga solishtirilgan.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi psixiatriya yordamining barcha yoʻnalishlari boʻyicha normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilishiga, shu jumladan, ixtiyoriy, gʻayriixtiyoriy va majburiy psixiatriya yordami koʻrsatishga, sohada manfaatdor vazirlik va idoralarning hamkorligini taʼminlashga imkon beradi. Fuqarolarning psixiatriya yordami olishdagi erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ifodalab, ularning hayotiga asossiz aralashuvlardan, ruhiy holati buzilgan shaxslarni jamiyatda asossiz kamsitilishidan, ayni vaqtda jamiyatni bunday shaxslarning ijtimoiy xavfli qilmishlaridan himoya qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Majlisda muhokama qilingan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.