Myunxenning “Bavariya” klubi Parijda PSJ bilan boʻlgan javob bahsida 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. Lekin oʻz uyidagi magʻlubiyat (1:3) jamoaning keyingi bosqichga chiqishiga yoʻl qoʻymadi.
PSJ bosh murabbiyi Maurisio Pochettino RMC Sportʻga bergan intervyusida jamoasi magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, yarim finalga chiqqanidan baxtiyor ekanligini yashirmadi:
“Avvalo, futbolchilarni tabriklayman. Bu – butunlay ularning xizmati... Barchamiz birgalikda ushbu quvonchli daqiqalarni baham koʻrishimiz juda yaxshi. Menga xuddi shunday adrenalin yetishmayotgandi.
Futbol – ajoyib sport turi. Siz hech qachon taslim boʻlmaysiz. Bugun bor kuchimiz bilan harakat qildik. Ishlashda davom etishimiz kerak”.
Eslatib oʻtamiz, “PSJ” yarim finalda “Borussiya” D – “Manchester Siti” juftligi gʻolibi bilan uchrashadi.
Shunisi qiziqki, ikkinchi bahsda Londonning “Chelsi” jamoasi ham xuddi PSJ kabi oʻz maydonida magʻlubiyatga uchradi. Oʻyinga qoʻshib berilgan daqiqalarda “Portu” futbolchilari gol urishga muvaffaq boʻldi. Ammo birinchi oʻyindagi gʻalaba (0:2) “Chelsi”ni yarim finalga olib chiqdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, London klubi turnir tarixida (1992/93 yilgi mavsumdan boshlab) sakkiz marta yarim finalga chiqdi. Bu ingliz klublari ichidagi eng yaxshi koʻrsatkichdir.
“Chelsi” yarim finalda “Liverpul” – “Real” juftligi gʻolibi bilan toʻqnash keladi.