Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganishlar davomida, maktab direktori F.Shuhratova haqiqatdan maktab oʻqituvchilariga 2025-yilning 21- yanvar kuni maktabning Telegram guruhiga videomurojaat qilib, barcha oʻquvchilarga “jaket“ olinishi boʻyicha koʻrsatma bergani aniqlandi.
Natijada maktab direktori F.Sh. ga nisbatan boshqarma boshligʻining 2025-yil 22-yanvardagi tegishli buyrugʻiga asosan oʻrtacha oylik ish haqining yigirma besh (25%) foiz miqdorida “Jarima“ intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, maktab jamoasiga kelgusida ushbu holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tushuntirish berilib, maktab sinf rahbarlaridan tushuntirish xatlari olindi.
Eslatib oʻtamiz, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 2024-yilda oʻtkazilgan matbuot anjumanida maktab formasi boʻyicha talablarni kim belgilaydi? degan savollarga:
“Bugungi kunda maktab formasi bilan bogʻliq masalalar koʻp muhokama qilinmoqda. Bilamizki, oʻquvchilarning maktab formasi va uni kiyishga boʻlgan yagona talablar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarori bilan tartibga solingan.Shuningdek, vazirlikning 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrugʻi bilan oʻquvchilarini kiyinish madaniyati boʻyicha oʻz tavsiyalarini barcha maktablarga yetkazgan va shu asosida ular tomonidan ichki tartib-intizom qoidalari ishlab chiqilgan”, deya javob bergan edi vazir Hilola Umarova.
Maʼlumot uchun: Taʼlim tashkilotida majburiy tartibda oʻquvchilarni forma kiyishiga doir pul mablagʻlarini yigʻish, tashkil etish, qatʼiyan taqiqlanadi. Bu kabi salbiy holatlarini Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi keskin qoralashini maʼlum qilamiz, — deyiladi xabarda.