Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQShga Rossiya hududida nodir tuproq metallarini qazib olish sohasida hamkorlikda ishlashni taklif qilishga tayyorligini ma'lum qildi, deb xabar beradi dw.com.
U, shuningdek, mamlakatlar alyuminiy ishlab chiqarishi mumkinligini aytdi: “Biz bu sohada Amerika kompaniyalari bilan hamkorlik qilish haqida o'ylashimiz mumkin. Masalan, Krasnoyarsk o'lkasida Sovet davrida yangi gidroelektrostansiya qurish va qo'shimcha alyuminiy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalari bor edi”, dedi u 24-fevral, dushanba kuni Rossiya davlat telekanali VGTRK muxbiri Pavel Zarubin bilan suhbatda.
Rossiya Prezidentining ta'kidlashicha, ushbu loyiha “investitsion” bo'lishi mumkin. “Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, u bugungi narxlarda 15 milliard dollar atrofida bo'lgan yoki bo'ladi. Lekin biz bu haqda o'ylab ko'rishimiz mumkin”, deb tushuntirdi u.
Rossiya Federatsiyasidagi nodir metallar haqida gapirar ekan, Putin bugungi kunda mamlakatda ularni o'zlashtirish bo'yicha yetarli ishlar qilinmayotganini tan oldi. “Nodir, noyob tuproq metallari iqtisodiyotning zamonaviy tarmoqlari uchun juda muhim tarkibiy qism, juda muhim manba hisoblanadi. Va biz hozircha bu yo'nalishda kam ish qilyapmiz. Biz ko'proq ish qilishimiz kerak”, dedi u.