– Bu qoraxoniylar tangasi, yupqa va tekis. Qoraxoniylar davrida iqtisodiy inqiroz avj olgan, metall qimmat va tanqis edi, – deya izohlaydi  muzey ilmiy xodimi Avazbek Poziljonov. –  Ammo shunga qaramay, ustalar bitta tangaga 30 tagacha soʻz zarb qila olgan. Bu soʻzlar Qurʼondan olingan suraga oid boʻlib, odamlar Muhammad paygʻambar oʻgitlarini doim yodda saqlashi uchun shunday qilingan.

Muzey xodimlarining xabar berishicha, 180 dona shunday tangadan iborat xazina Xoʻjaobod tumanida ariq qazish chogʻida topilgan. Bu topilma Andijon muzeyining noyob kolleksiyasidan joy olgan.

Ayni paytda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)  “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi noyob, eng nodir eksponatlar tasvirlangan kitobni yaratish ustida ishlayapti. Kitob oltita boʻlimdan iborat boʻlib, unda muzeyda saqlanayotgan arxeologik, numizmatik, badiiy-hunarmandlik kolleksiyalari, qoʻlyozma merosi, tasviriy sanʼat durdonalari haqida batafsil soʻz yuritilgan. Oʻquvchilar ushbu qadimiy artefaktlar tarixini oʻrganish va ularning rasmlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Tasavvur qiling-a, Oʻzbekiston hududida 1 million yil avval ham odamlar yashagan. Arxeologik tadqiqotlar bizning hududimiz antropogenez markazlardan biri ekani,  bu manzilda odam zoti juda qadimdan yashab kelayotganini dadil taxmin qilish imkonini beradi.

Bizning uzoq ajdodlarimiz qanday yashagan? Ular nima bilan shugʻullangan, nimaga mehr qoʻygan, madaniyati, anʼanalari qanday rivojlangan? Antik davr sirlari bilan tanishish, paleolit, mezolit, neolit va eneolit davrlaridagi odamlarning hayoti, urf-odatlari, eʼtiqodlari haqida koʻproq maʼlumot olish mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, mazkur kitobdan Andijon viloyati hududida kulolchilikning rivojlanish, temir ishlab chiqarish va metallga ishlov berish tarixi, tikuvchilik va gilamdoʻzlik rivoji, yogʻoch oʻymakorligi va manzarali naqqoshlik, milliy kashtachilik, xattotlik va milliy kiyim-kechak sanʼati turlari ham oʻrin olgan.

Kitob-albom tashabbuskori, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Shahlo Abdullayeva nashrning mazmun-mohiyati, muzeyning noyob eksponatlari haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, muzeyning numizmatik, qoʻlyozma fondlarining eng nodir eksponatlari, badiiy va hunarmandlik kolleksiyalarini nashr etish rejalashtirilgan.

Mahmud Zamaxshariy tomonidan hijriy 809/1407-yilda yozilgan “Tafsiri Kashshof”ning ikkinchi jildi, Shayx Abu Tolib al-Makkiy qalamiga mansub 908 sahifadan iborat “Quvtul kulub” asari, Temuriylar davrining mashhur olimlaridan biri, arab tili, nutq va mantiq fani oʻqituvchisi Mir Sayyid Sharif Jurjoniy qoʻlyozmasi fonddagi qadimiy nodir asarlar hisoblanadi.

Jamgʻarmaning noyob qoʻlyozmalari sifatida 1937-yilda mashhur xattot va musavvir Mirzo Ibrohim Subhiy tomonidan qayta yozilgan 54 betlik “Devoni Odam”, 20 betlik “Devoni Mahmud”, 160 betlik “Devoni afgʻon”ni alohida qayd etish mumkin.

– Bu kitoblar nafis bezaklari bilan ham eʼtiborni tortadi, – deydi Shahlo Abdullayeva. –  Shu bilan birga, Sharq adabiyoti sanʼatining koʻzgusi sifatida xattotlik va qoʻlyozma kitoblarning oʻlmas anʼanalari XX asrda ham yoʻqolmaganiga yorqin misoldir.

Muzeyning noyob va nodir eksponatlaridan biri XX asr boshlarida andijonlik hunarmand tomonidan yaratilgan choyshab sanaladi. Unga Sharq xalqlarining oʻrta asrga mansub lirik satrlari ham bitilgan:

Ey nigorim husn ichida sen kabi jonona yoʻq,

Shamʼi ruxsoringa kuygan men kabi parvona yoʻq,

Ishqing boshima sabru qarorim qolmadi mani,

Toqat etkali bir oshiqi jonona yoʻq...

Bu kabi koʻplab eksponatlar milliy muzey kolleksiyalariga bagʻishlangan kitob-albomni yanada boyitgan. Eksponatlar haqidagi qiziqarli matnlarni muzey ilmiy xodimlari Avazbek Poziljonov va Iskandar Madgʻoziyev tayyorlagan.

Rohatoy MUHAMEDOVA,

Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari