Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi “Urganch aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari noyob tarixiy va madaniy boyliklarning respublikadan olib chiqishga boʻlgan urinishni fosh etishdi. Bu haqda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur bojxona posti orqali Turkiya davlatga yoʻl olgan fuqaro M.M.ning qoʻl yuki belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda, nazorat-rentgen apparatida shubhali tasvirlar aks etdi. Shundan soʻng, ushbu qoʻl sumkasi xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda ochib koʻzdan kechirildi.

Natijada, bojxona nazoratidan yashirilgan, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan va ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taʼqiqlangan qadimiy hisoblangan sariq metalldan yasalgan 1 dona qumgʻon va 2 dona choynaklar borligi aniqlandi.

Oʻtkazilgan badiiy ekspertiza xulosasiga koʻra, misdan yasalgan qumgʻon XX asrning I yarmida Xivalik ustalar tomonidan ishlanganligi hamda 2 dona choynak esa XX asrning I yarmida Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligi maʼlum boʻldi. Hozirgi kunda mazkur madaniy boyliklar “Ichan-qalʼa” Davlat muzey qoʻriqxonasiga topshirildi.