Tadqiq etilayotgan devorlar paxsadan IV-III, XI, XX asrlarda tiklangan. Ushbu devorlar atmosfera taʼsiridan himoyalanmagan boʻlib, 2500-3000-yil davomida yomgʻir, shamol, qor va quyosh taʼsirida ochiq holda turibdi. Davomli noqulay ekologik sharoitda devorlar yemirilib, buzila boshlagan. Devorlarning 30-50% i yoʻqolib ketgan, koʻpchilik devorlarda yoriqlar paydo boʻlgan.
2020-yil yanvar oyida loyihaning nazariy qismi boʻyicha seminar-trening oʻtkazilgan edi. Afsuski, loyihaning amaliy qismi pandemiya tufayli toʻxtab turgan edi. Mana endi juda katta ahamiyatga ega boʻlgan ushbu ilmiy tadqiqot doirasida respublika miqyosida ilk bora aynan paxsadevor yodgorliklarini saqlab qolish borasida yangi texnologiyalar joriy qilinadi.
Bu galgi seminar–trening asosan amaliy jarayonlarga bagʻishlanmoqda.
Xiva shahridagi gil xom ashyodan, xom gʻisht va paxsadan bunyod etilgan Deshon Qalʼa devorlarini anʼanaviy tajribalarga tayanib, badiiyligini yoʻqotmagan holda baʼzi qismlarini konservatsiya qilish, qayta tiklash hamda toʻgʻri taʼmirlash boʻyicha ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, takliflari atroflicha oʻrganilmoqda.
“Maʼlumki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistonda, shu jumladan, Xorazm viloyati, Xiva shahridagi madaniy merosni asrab-avaylash ishlarini rivojlantirish, bu sohaga sarmoyalar kiritish, binobarin turizm sohasining taraqqiyotiga hissa qoʻshishni niyat qilgan”, — deydi trening tashkilotchisi, Fransiyaning Grenobl shahridan tashrif buyurgan mutaxassis Sebastyan Moriset.
Demak, Janubiy Orolboʻyidagi har bir tarixiy obidani monitoring qilish, ilmiy oʻrganish kun tartibidagi dolzarb vazifalardan bittasidir. Ayniqsa, ushbu tadqiqot ishlari bugungi kunda ekologik yomon muhitda joylashgan Qoraqalpogʻiston va Xorazm tarixiy meʼmoriy yodgorliklarini saqlashga oid boʻlganligi bois, uning ahamiyati juda kattadir. Oʻylaymizki, ushbu ilmiy tadqiqotda keltirilgan paxsadevor obidalari va ularni saqlashga oid boʻlgan tadqiqot natijalari mintaqada turizmni rivojlantirishga doir amaliy ishlarga asos boʻladi.
Xulosa qilib shuni aytish joizki, respublikamiz tarixiy yodgorliklarni saqlash boʻyicha yangi ilmiy metodik (turli xil gidrofoblik xususiyatini oshiruvchi indikatorlar ishlatiladi) tadbirlarimiz muvaffaqiyatli bajarilsa, Janubiy Orolboʻyidagi dunyo tamaddunida oʻz oʻrni boʻlgan - 100dan ortiq qalʼalarni saqlash va umrini uzaytirish masalalariga yechim topiladi.