Sheʻriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy: “El poyasin anglay desang asrorini bil, Koʻnglidagi muddaosin izhorini bil” deganidek, davlatimiz rahbari ishni koʻngildan, xalq koʻnglini taftish qilishdan, har bir insonning qadr-qimmatini koʻtarishdan boshladi.

2017-yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʻlon qilindi. Shunday boshlangan yilning bosh shiori mamlakatda yashovchi insonlarga farovon turmush yaratish, ogʻirini yengil qilish, mehr ulashishga yoʻnaltirildi. Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qiladi, degan tamoyil asos qilib olindi. Bundan tashqari, 2016-yilning 28-dekabrida Prezidentning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi.

Ha, shunday qilib mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev islohotlarni inson huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishdan, xalq bilan davlat oʻrtasiga ishonch koʻprigini oʻrnatishdan boshladi. Inson huquqlarining uch oʻzagidan biri boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining siyosiy huquqlarini, aynan murojaat qilish huquqini amalga oshirishlari uchun keng va teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʻtibor qaratdi.

Yurtdoshlarimiz murojaatlariga – oʻz fikr-mulohazalari, oʻylari, dard-tashvishlari, orzu-armonlariga Prezident darajasida eʻtibor qaratilayotganligi har bir inson uchun muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Pirovardida, odamlarning hayotga, davlatga, jamiyatga, kelajakka ishonchi ortib bormoqda. Barchamiz, hayotning mavjud achchiq haqiqatlariga yuzma-yuz kelib, real voqelikning shiddatli toʻlqinida yonib ishlash mumkin ekaniga roʻy-rost shohid boʻlmoqdamiz. Bularning barchasi, avvalo, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishilganidan, vatanparvarlikdan, xalqchillikdan, shijoat va jasoratdan dalolatdir.

Shijoatli insonni koʻrsang, shijoatli boʻlging keladi. Bunday ulugʻvor yangiliklar, jasoratlar albatta, ijod ahlini ham qoʻliga qalam olishga daʻvat etdi. Xalq qabulxonalari va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Xalq qabulxonalari — adiblar nigohida” loyihasi doirasida yozuvchi va shoirlar, publitsistlar yurtimiz hayotidagi oʻzgarishlardan ilhomlanib, xalq orasiga uyushtirayotgan safarlari, boʻlib oʻtayotgan uchrashuvlar hamda suhbatlarida odamlarimizning shukronalik kayfiyati aks etmoqda.

Uchrashuvlardan bir haqiqat ayonki, demokratik va insonparvar davlat qurish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, pirovardida, xalqimizni hayotdan rozi qilish, uning yanada farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishdek strategik maqsadlarimizga faqat va faqat xalq bilan tillashish orqaligina erishish mumkinligi yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Toʻgʻri-da! Prezidentimizning koʻplab qaror va farmonlarida ham oʻz ifodasini topayotgan masalalar aslida xalqimizning qalbida saqlab yurgan orzulari emasmidi?! Ochigʻini aytish kerak, inson keksaygan sayin izzattalab, mehrtalab boʻlib qoladi. Mana shunday keksa insonlarni qadrlash, yoʻqlash, ularning holidan xabar olib turishga, kechagi mehnatkash – bugungi nuroniy-faxriylar hurmatini joyiga qoʻyishga qaratilgan chora-tadbirlar, “Mehnat faxriysi”, “Mahalla iftixori” kabi koʻkrak nishonlarini taʻsis etish haqidagi farmonlar koʻpchilikning dilini yayratdi. Bir paytlar vatan uchun, xalq uchun fidokorona mehnat qilib, kimga murojaat qilishini bilmay uyida oʻtirgan urush qatnashchilari, mehnat faxriylari izzat-ikrom topa boshladi.

Shuningdek, iqtisodiyotning tamal toshini qoʻyadigan ilm ahli – akademiklar, professor-oʻqituvchilarga alohida eʻtibor qaratilmoqda, ular eʻzozlanmoqda, zahmatli mehnatlari munosib qadrlanmoqda. Yosh avlod uchun barcha darajadagi taʻlim olish sharoitlari kun sayin kengayib bormoqda.

Shu zaminda tugʻilib oʻsgan, shu vatanni vatan deb, shu yurtni yurtim deb yashayotgan yurtdoshlarimizning bir qismi necha yillar qalbida ogʻir bir dard bilan yashadi. Bu dard “fuqarosizlik” dardi edi. Davlatimiz rahbari ularning ham qalbiga yoʻl, dardiga malham topdi. Prezidentimizning hech bir insonni eʻtiboridan chetda qoldirmayotganini bir necha minglab kishi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlish baxtiga muyassar boʻlganida ham koʻrish mumkin. Bugungi kunda Oʻzbekistondek jannatmakon yurtning fuqarosi degan sharafli nomna erishish baxtiga muyassar boʻlishdi.

Prezidentimizning 2017-yildan beri afv etish bilan bogʻliq 21 ta farmoni asosida besh ming besh yuz nafardan ortiq jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar afv etilganligi ham, oqlov hukmlari chiqarish sudlar amaliyotida tez-tez koʻrinib qolgani ham bejiz emas. Bularning zamirida inson qadri mujassam.

Mamlakatimiz rahbarining insonparvarlik gʻoyalaridan yana birini misol keltirish mumkin. Prezidentning siyosiy irodasiyu odilona va oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi toʻsiqlar olinib, davlatlararo oʻtish yoʻllari bayramona ruhda ochildi. Azal-azaldan bir-biriga mehr qoʻygan qardosh xalqlar oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik munosabatlari, bordi-keldi boshlandi.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va uning samarali ijro etilishi ortidan islohotlarning yuqori natijalariga erishildi. Uning natijalaridan qanoat topgan xalqimiz 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini juda koʻtarinki ruhda kutib olishdi.

Ochigʻini aytsam, xalqimizning yuragidan joy olgan dasturlar buyuk bobomiz Alisher Navoiyning quyidagi misralarini bot-bot yodimizga solaveradi:

Odami ersang demagil odamiy,
Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami.

Ha, Prezidentimiz xalqning qalbiga katta yoʻl soldi. Va bu yoʻl oddiy yoʻl emas, mehr rishtalariga aylangan charogʻon koʻngil yoʻlidir. Zero, qadri baland xalqning qaddi ham baland boʻladi.

Abdukamol Rahmonov,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʻzosi