Tadbir Vazirlar Mahkamasi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda vazirlik xodimlari, shuningdek, videokonferens-aloqa orqali hududiy boshqarmalar, tizimdagi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalida Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Ona tilim oʻlmaydi” sheʼriga tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Jamshid Egamberdiyev vazirlikda davlat tilini rivojlantirish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar, xususan, ish yuritish toʻliq davlat tilida yoʻlga qoʻyilgani, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lugʻati” tayyorlangani, xodimlar davlat tilini bilish darajasi boʻyicha sertifikatlar olish uchun muntazam test sinovlarida ishtirok etib kelayotgani, shuningdek, Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududlardagi filiallariga doimiy ravishda oʻqish uchun yuborilayotganini taʼkidladi.
Vazirlar Mahkamasi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti masʼul xodimi Rustam Tursunov oʻzbek tilining paydo boʻlish va rivojlanish bosqichlari, ona tilimiz nufuzini oshirish, vazirlik va idoralarda ish yuritishni toʻliq davlat tilida tashkil qilish masalalari toʻgʻrisida batafsil toʻxtaldi.
Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov markazda davlat tilida ish yuritishga oʻqitish borasidagi ishlar, ushbu yoʻnalishda yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdi. Ushbu markazda boshqa millat vakillari va xorijliklar uchun ham oʻquv kurslari tashkil etilgan. Bugungi kunda oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish ortgani bois hatto chet davlatlardan ham bu borada murojaatlar kelib tushayotganini alohida taʼkidlash kerak.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi direktori Azizjon Eminov jamgʻarma tomonidan oʻtgan davrda nashr etilgan davlat tiliga oid kitoblar xususida toʻxtalib, bugungi kunda Oʻzbek tilining milliy korpusini yaratish boʻyicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi “UNICON.UZ” DUK tomonidan taqdim qilingan loyiha ustida ish olib borilayotganini, vazirlik tomonidan tayyorlangan “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lugʻati” yaqin kunlarda chop etilishini va ushbu lugʻat barcha tashkilotlar uchun zarur qoʻllanma boʻlishini qayd etdi.
Davra suhbati soʻngida qatnashchilarning savollariga javob berildi.