Ayniqsa, keyingi yillarda jahonda rivojlanib borayotgan energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt kabi zamonaviy sohalar, qolaversa, “yashil” taraqqiyot uchun muhim strategik xomashyoga aylangan. Birgina elektromobil sohasini olsak, ushbu tarmoqning jadal rivojlanishi dunyo sanoatida misga talabni bir necha barobar oshirmoqda. Chunki elektromobillarning 90 foiz ehtiyot qismi misdan ishlanadi.
Oʻzbekiston
mis xomashyosiga boy. Mamlakatimiz togʻ-kon sanoatida mis qazib olish
koʻrsatkichi ancha yuqori boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi
oʻrinlarda. Ayniqsa, oxirgi oʻn yilda mis ishlab chiqarish koʻrsatkichi
sezilarli oʻsdi. Bu shunchaki konlarni doimiy qazish bilan amalga oshadigan ish
emas. Davlatimiz rahbari boshchiligida togʻ-kon sanoatida ishga tushirilayotgan
yirik loyihalar, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, konlarni
investorlarga berish, yangi konlarni oʻzlashtirib, ularda eng zamonaviy
texnologiyalarni qoʻllash hisobiga aniq natijalarga erishilyapti. Oʻtgan
yillarda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 1,7 barobar oʻsgani buning tasdigʻi.
Yuqori daromadli eng koʻp ish oʻrni ham ayni shu sohadagi tarmoqlarda
ochilmoqda.
2030-yilga
qadar Oʻzbekistonda mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonnaga yetkazish
maqsadi ham oʻz-oʻzidan belgilanmagan. Buning uchun quvvatlar chamalanib,
imkoniyatlar tahlil qilingan. Masalan, 75 yildan koʻproq tarixga ega Olmaliq
kon-metallurgiya kombinatidagi loyihalarning oʻziyoq koʻlamni anchagina
oshiradi. Kombinatning asosiy mahsuloti mis boʻlib, mis katodlarini yillik ishlab
chiqarish hajmi boʻyicha MDH davlatlari orasida 3-oʻrinni egallaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, kombinat tarkibidagi “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida
45 million tonna mis, 5000 tonnadan ziyod oltin zaxirasi mavjud. Ular sanoatga
kamida 100-yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi boʻla oladi.
Ammo
xomashyoni qazib olish bir masala boʻlsa, uni qayta ishlab, qoʻshilgan qiymat
zanjirini yarata olish navbatdagi dovondir. Oʻzbekiston bu dovonni
muvaffaqiyatli bosib oʻtmoqda. Gap shundaki, mamlakatimizda ilgari aksariyat
qimmatbaho va rangli metallar kabi mis ham faqat xomashyo holatida eksport
qilingan. Bugun mahsulotni qayta ishlab, tayyor tovarga aylantirish, mahalliy
sanoat tarmoqlarida keng qoʻllash koʻrsatkichi ancha baland. Hozir yiliga 100
ming tonna mis yurtimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulotga
aylantirilmoqda.
Bu
milliy iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida misdan foydalangan holda mahalliy
mahsulotlar ishlab chiqarilyapti degani. Joriy yilda ishga tushiriladigan yangi
loyihalar hisobiga yurtimizda misni chuqur qayta ishlash quvvati 240 ming
tonnaga yetishi kutilyapti. Yaqin ikki-uch yilda esa bu koʻrsatkich yanada
oshadi.
Yirik
loyihalardan biri allaqachon ishga tushirildi. Joriy yil 16-mart kuni
mamlakatimiz iqtisodiyoti va togʻ-kon sanoatidagi tarixiy sanaga aylandi —
davlatimiz rahbari ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis
boyitish fabrikasi ochildi. 196 gektar maydonda amalga oshirilayotgan
loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 700 million dollarga teng. Yangi fabrika kombinatdagi
“Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish dasturining bir qismi boʻlib, unda yiliga 600
million tonna maʼdan qayta ishlanib, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati
ishlab chiqariladi. Fabrika toʻliq ishga tushgach, Olmaliq kombinatida mis
konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2400 tonnadan 5000 tonnaga yetadi.
Bundan
besh-olti yil ilgari bir guruh OAV xodimlari bilan birga Olmaliq
kon-metallurgiya kombinatida boʻlib, 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga guvoh
boʻlganimiz yodimda. Oʻshandayoq mazkur gigant loyiha mamlakatimiz sanoatida
katta voqea boʻlishi kutilgandi. Boisi, u nihoyatda katta quvvatdagi rudani
qayta ishlashga qaratilgan ulkan zamonaviy majmua boʻlish barobarida rangli va
qimmatbaho metallarni qazib olishdan to qayta ishlab, eksport qilishgacha
jarayonni umumlashtirib, qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan harakatlarning
katta qismidir.
Masalan,
qazib olingan ruda mis boyitish fabrikasiga yuboriladi. Bu yerda metall
boyitish jarayonidan oʻtib, undan konsentrant olinadi. Yaʼni ruda maydalanib,
qoʻshimcha reagentlar qoʻshish orqali boyitiladi va choʻkma hosil qilinadi.
Hosil boʻlgan mis konsentranti mis eritish zavodiga yuboriladi. Maʼlumotlarga
koʻra, kombinatda qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini
barpo etish boʻyicha ishlar boshlangan.
Elektr tokini eng yaxshi
oʻtkazuvchi
Ana
endi masalaning ikkinchi muhim jihatiga oʻtsak. Bu jahonda talab ortib
borayotgan mis rudasidan mahalliy sharoitda foydalanish bilan bogʻliq. Yaʼni,
mis xomashyosini ishlab chiqarish va chuqur qayta ishlash nafaqat yurtimiz
togʻ-kon sanoati, balki koʻplab sanoat tarmoqlari rivojiga xizmat qiladi.
Energetika, elektrotexnika, “yashil” texnologiyalar, umuman, ishlab chiqarish
jarayonida bevosita mis xomashyosiga zarurat boʻlgan barcha soha uchun barqaror
va sifatli xomashyo bazasi yaratiladi. Ushbu sohalar esa keyingi yillarda
mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlariga aylangan.
Aslida,
tabiatiga koʻra mis yumshoq, choʻziluvchan, bugʻlanuvchan metall. Undan
foydalanish uchun maxsus ishlov berilib, konsentrantga aylantirish zarur. Mis
konsentrati metallurgiya zavodlarida xomaki mis va keyinchalik toza mis
katodlarini ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo boʻladi. Mis katodlari esa
yuqori sifatli toza mis plitalari boʻlib, elektr sanoati, kabel ishlab
chiqarish, mashinasozlik va qurilishda asosiy xomashyo sifatida qoʻllanadi.
Ayrim
sanoat tarmoqlarini mis xomashyosisiz tasavvur qilish qiyin. Oddiy qilib
tushuntirganda, biz har kuni duch keladiganimiz va foydalanadiganimiz elektr
simlari oʻrnatilgan hamda elektr tokida ishlaydigan hamma ashyo mis xomashyosi
asosida ishlab chiqariladi. Demak, ushbu xomashyo bazasiga talabning mahalliy
sharoitda toʻliq qondirilishi koʻplab sanoat tarmoqlarida arzon va sifatli
mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻl ochadi.
Hozir
mamlakatimizda elektrotexnika sanoati rivojining muayyan qismi shu bilan
bogʻliq desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu sanoatda ishlab
chiqarilayotgan mahsulotlarning aksariyati toʻliq mahalliylashtirildi. Hatto,
elektromobil oʻzimizda ishlab chiqarilyapti.
—
Bugun dunyo sanoatida zamonaviy yoʻnalishlar rivojlanayotgani va aksariyati
“yashil” texnologiyalar bilan bogʻliqligi mis xomashyosiga talabni keskin
oshirgan, — deydi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov. — Bu sohalar
bevosita elektrotexnika sanoati rivoji bilan ham bogʻlanadi. Masalan, keyingi
yillarda Oʻzbekiston “yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha dunyoda
yetakchi davlatlar qatoriga kirib bormoqda. Ushbu yoʻnalishdagi loyihalar
koʻlami yil sayin kengayib boryapti. Hozir yurtimiz boʻylab 15 ta quyosh
fotoelektr stansiyasi, 5 ta shamol elektr stansiyasi faol ishlab turibdi. Joriy
yilda mamlakatimizda yana 2 gigavatt quvvatga ega “yashil” energiya manbalarini
ishga tushirish rejalashtirilgan. Ularga juda koʻp kabel, generator, invertor,
transformatorlar zarur. Shu bois, ushbu mahsulotlar xalqaro standartlar asosida
mahalliylashtirib borilyapti. Bugun alyuminiy ramka, DC kabel, metall
konstruksiya, ichki va tashqi baklar, penopoliuretan quyish, mis trubka qismlari
toʻliq mahalliylashtirildi.
Oʻtgan
yili yurtimizda 35 trillion soʻmlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab
chiqarildi. Bu 2023-yildagiga nisbatan qariyb ikki barobar oʻsishni anglatadi.
Elektr dvigatellar, lift va eskalatorlar, sanoat sovitish tizimlari, elektron
plitalar, quyosh panellari, suv nasoslari va isitish uskunalari kabi yangi
mahsulotlar oʻzlashtirildi. Koʻplab turdagi elektrotexnika mahsulotlarining
yurtimizda ishlab chiqarilayotgani mis xomashyosiga talabni yaqqol koʻrsatadi.
Chunki tarmoqda foydalaniladigan asosiy xomashyo mis ekani sir emas. Birgina
misol: oʻtgan yili yurtimizda misni qayta ishlash hajmi 100 ming tonnani
tashkil etdi. Bundan olti yil avval ushbu koʻrsatkich 32 ming tonna boʻlganini
hisobga olsak, oʻsish sezilarli darajada yuqori ekanini koʻrish mumkin. Bu
keyingi yillarda misdan yuqori qiymatli mahsulot yaratishga talab ortib
borayotganidan ham dalolat.
Barqaror va muhim baza
Mis
plastinalarini yurtimizda tayyorlash xorijdan xarid qilishdan koʻra ancha arzon
tushadi. Qolaversa, yetkazib berish vaqti va xarajati tejaladi.
Mamlakatimizdagi mahalliy elektrotexnika korxonalari vakillari Olmaliq
kon-metallurgiya kombinatida ishga tushirilgan 3-mis boyitish fabrikasi shu
jihatdan katta strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidlamoqda.
—
Mis xomashyosini chuqur qayta ishlash quvvatlarining kengayishi kabel-sim
mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun barqaror va sifatli xomashyo
bazasini yaratib beradi, — deydi “Metal Processing technology” korxonasi
rahbari Anvar Nodirxonov. — Shu bois, 3-mis boyitish fabrikasining ishga
tushirilishi misni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qiymat zanjirini
shakllantirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Ayniqsa, fabrikada zamonaviy
texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt elementlarining joriy
etilgani bugungi islohotlar sanoatni yangi bosqichga olib chiqayotganidan
dalolat. Hozir ichki va tashqi bozorda mahalliylashtirishga talab yuqori. Yaʼni
arzon va sifatli mahalliy mahsulot ishlab chiqara olgan davlatlar jahon
bozorida ustunlikka erishmoqda. Mamlakatimiz elektrotexnika sanoati keyingi
yillarda misli koʻrilmagan darajada rivojlanishi ortida ham mahalliylashtirish
turibdi. Biz ichki imkoniyatlarimizdan toʻla foydalana boshladik. Xomashyoni
qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirishga oʻtdik. Toʻgʻri, bu juda katta
xarajat va saʼy-harakatni talab qiladi, ammo natija ham shunga yarasha.
Bugun
Oʻzbekiston sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eng
rivojlangan davlatlar bozoriga kirib boryapti. Ayniqsa, milliy brenddagi elektrotexnika
mahsulotlariga jahon bozorida talab yuqori.
Mazkur
korxonada ishlab chiqariladigan mis quvur va fitinglarning asosiy xomashyosi
mis. Avvallari bu turdagi mahsulotlar yurtimizga asosan Yevropa davlatlari va
Xitoydan import qilingan. Hozir esa mahalliy tadbirkor ichki bozorni toʻliq
taʼminlash barobarida mahsulotlarning katta qismini Yevropa va MDH davlatlariga
eksport qilyapti.
Korxonada
toʻrtta ishlab chiqarish zavodi boʻlib, ulardan biri shu yil mart oyida
Ohangaron tumanidagi texnoparkda ish boshladi. Loyihaning birinchi bosqichida
35 ming tonna mis quvur va fitinglar ishlab chiqariladi. Yakuniy uchinchi
bosqichda bu hajm 70 ming tonnaga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Zavod toʻliq
ishga tushgach, yiliga import oʻrnini bosuvchi 10 million dollarlik mahsulot
ishlab chiqariladi.
Buning
uchun katta miqdorda mis xomashyosi zarur. Ayni paytda ushbu xomashyoga ehtiyoj
mahalliy sharoitda qondirilishi tadbirkorlarni mamnun etmoqda. Boisi, barqaror
xomashyo taʼminoti mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarish hajmini
kengaytirish va yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash imkonini beradi.
* * *
Elektromobillarni
quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarishda ancha-muncha mis kerak. Bu turdagi
mahsulotlar ham yurtimizda ishlab chiqariladi. Mamlakatimiz sanoat
tarmoqlarining rivoji eng murakkab turdagi uskunalarni ham mahalliylashtirishga
zamin yaratadi.
Toshkent
shahridagi “Toshelectroapparat” MCHJ xorijiy korxonasida 2019-yildan buyon
elektromobillarni quvvatlash stansiyalari ishlab chiqarilmoqda. Qolaversa,
zavod elektr montaj qurilmalari, podstansiyalar, stansiyalar,
transformatorlar, quyosh panellari, invertorlar, past kuchlanishli elektr
dvigatellari uchun chastotani nazorat qilish moslamalari, koʻcha yoritqichlari
va elektr hisoblagichlar ham tayyorlab beradi. Bu yerda misdan asosan
transformator, podstansiyalar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Umuman,
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishga tushirilgan yangi 3-mis boyitish
fabrikasi bu shunchaki sanoat quvvati emas, balki katta-kichik tarmoqlar uchun
muhim mahalliy xomashyo manbai. Bu xomashyoga talab katta boʻlgan Chirchiq
transformator zavodi, “Toshelectroapparat”, “Oʻzelektroapparat-Electroshield”
kabi korxonalar uchun ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish imkoniyatidir.
Chunki ushbu zavodlarda ishlab chiqariladigan transformator, podstansiyalarning
asosiy qismi misdan iborat. Ularni ishlab chiqarish va eksport qilishda uzilish
boʻlmasligi uchun ham koʻproq xomashyoga zarurat mavjud. 3-mis boyitish
fabrikasi ana shu mahalliy ehtiyojni qondirish quvvatiga ega.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri