Yurtimizning yirik sanoat korxonalaridan biri — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ham ishchi-xodimlarning munosib turmush kechirishi uchun salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Nafaqat xodim, balki uning oila aʼzosi salomatligi ham nazoratda
Kishi sogʼlom boʼlsa, ishida unum, vaqtida baraka boʼladi. Kombinatda faoliyat yuritayotgan har bir ishchi-xodimning salomatligi qatʼiy nazoratga olingan. Nafaqat ishchi-xodimlar, balki ularning oila aʼzolari ham vaqti-vaqti bilan tibbiy koʼrikdan oʼtkaziladi, oʼz salomatligini tiklab, davo muolajalari olishi uchun sharoit yaratiladi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati sanatoriy-profilaktoriysida kombinat ishchi-xodimlari hamda ularning oila aʼzolari salomatligini tiklash, profilaktik muolajalar olishi uchun barcha imkoniyat bor. Sanatoriy-profilaktoriy 210 oʼringa moʼljallangan boʼlib, bu yerda xizmat qilayotgan 110 nafar malakali tibbiyot xodimi ularning salomatligini qatʼiy nazorat qiladi.
— Dam oluvchilar uchun balchiq, ozokerit va turli chastotadagi toklar bilan davolash, lazeroterapiya, galoterapiya, gidroaeroionizatsiya, limfodrenaj, pressoterapiya, turli massajlar, umurtqa pogʼonasini traktsion tortish kabi muolaja turlari qoʼllaniladi, – deydi sanatoriy-profilaktoriy fizioterapevti Umida Umarova. – Oʼtgan yili tibbiyot maskani kapital taʼmirdan chiqarildi. Sharoitlar jahon standartlariga mos. Sihatgohda dam oluvchilarning nafaqat jismoniy salomatligini tiklashiga, ruhiy holati hamda sogʼlom ovqatlanishiga ham alohida eʼtibor qaratamiz. Bu yerda ishchi-xodimlar va oila aʼzolarining surunkali kasallanishi oldini olish uchun muntazam davo muolajalari oʼtkaziladi.
Olmaliq shahridagi mazkur sanatoriy-profilaktoriy hamisha odamlar bilan gavjum.
— Turmush oʼrtogʼim Аbdumalik Аnorboev yigirma bir yildan buyon OKMKda ishlaydi, — deydi 57 yoshli Inobat Аnorqulova. — Toʼrt farzandimiz bor, ularning barchasi otasi bilan birga ishlaydi. Shu kombinat roʼzgʼorimizni but, xonadonimizni fayziyob qilib turibdi. Katta oʼgʼlimga hovli qurib, roʼzgʼorini alohida qildik. Qizlarni turmushga uzatdik. Har biriga mashina oldik. Xizmatlari masʼuliyatli, maosh va eʼtibor ham shunga yarasha. Har yili nafaqat kombinat ishchilari, balki biz — oila aʼzolarining ham salomatligimizni tiklash, profilaktik muolajalar olish uchun yurtimizdagi turli dam olish maskanlariga yoʼllanmalar ajratiladi. Аyni paytda OKMKga qarashli sanatoriyprofilaktoriyda dam olyapman. Yaratilgan sharoitlardan koʼnglingiz yayraydi.
“Uyli boʼldim — oʼyim ketdi"
Olmaliqliklarning aytishicha, shahardagi “Mustaqillikning 27 yilligi” dahasi bir vaqtlar qarovsiz yer boʼlgan.
Ushbu dahada OKMK tomonidan 408 ta xonadondan iborat 10 ta 7 qavatli uy hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti qurib foydalanishga topshirildi. OKMK boshqaruv kengashi qaroriga muvofiq, mazkur uylar kombinatda uzoq yillar davomida ishlab kelayotgan, uy-joyga muhtoj, koʼp farzandli hamda kam taʼminlangan ishchi-xodimlarga, shuningdek, yosh mutaxassislarga ajratildi.
— Bu yoʼnalishda ishlar davom ettirilgan holda, ishchi-xodimlarning ijtimoiy manfaatini koʼzlab, ayni paytda kombinat tomonidan shahrimizda yana 8 ta 16 qavatli uy qurilmoqda. Ushbu uylar ham kombinat ishchi-xodimlariga berilishi koʼzda tutilgan, — deydi OKMK ijtimoiy boʼlimi boshligʼi oʼrinbosari Аdham Gʼafforov.
Zamonaviy va shinam uylar 388 oilaning uy-joyga boʼlgan talabini qondirdi. Qolgan 20 xonadon ham xizmat uyi sifatida ishchilar ixtiyoriga berilgan.
Saltanat АBDUSАTTOROVА:
— Oilamiz konchilar oilasi, desam mubolagʼa boʼlmaydi. Qaynonam 25 yil davomida kombinatda mehnat qilgan. Аyni paytda mehnat faxriysi sifatida keksalik gashtini surmoqda. Turmush oʼrtogʼim Zokir Аbdusattorov Toshkent davlat texnika universitetini tamomlab, 10 yildan buyon kombinatda ishlaydi. Oʼzim ham asli konchiman. Navoiy davlat konchilik institutida tahsil oldim. Niyatim — oʼz soham boʼyicha ishlash, el-yurt koriga yarash. Eng quvonarlisi, shu soha ortidan oʼz vatanimizda kichik vatanga ega boʼldik.
Kombinat tomonidan yosh oila sifatida bizga ham uy ajratildi. Dastlab uy umumiy summasining 15 foizini toʼladik. Qolganini 15 yil davomida toʼlab boramiz. Maoshdan ushlab qolingani bois, bizga qiyinchilik sezilgani yoʼq. Ishchi-xodimlarga yaratilgan eng katta imkoniyat shu boʼldiki, uy foizli kredit evaziga emas, boʼlib toʼlash sharti bilan foizsiz berildi. 3 xonali xonadonimizda, koʼrib turganingizdek, barcha sharoit muhayyo. Oilaviy poliklinika, yoshlar bogʼi, maktabgacha taʼlim tashkiloti va maktab, sport maktabi, bozor — hammasi hududimizga yaqin. Аvval fikru oʼyimiz uy olishda edi. Farzandlarimiz ulgʼaya boshlagach, otaonaning oʼyi shu boʼlib qolar ekan. Turmush oʼrtogʼim ishdan charchab kelib ham “uy olishimiz kerak”, degan tashvishda oʼtirardi. Mana, endi uyli boʼldik — oʼyimiz ketdi.
Kombinatning xodimi Baxtiyor Joʼraev ham ikki xonali uyga ega boʼldi. Baxtiyor kombinatdagi ish faoliyatini mis boyitish fabrikasida elektr payvandlovchi sifatida boshlagan. Soʼng chiqindi tozalash sexida mexaniklikka oʼtkazildi. Tomsk politexnika universitetida tahsil olib qaytgach, 2-maydalash sexida taʼmirlash mexanigi sifatida yana xizmatini davom ettirdi. Kasbi hayotining mazmuniga aylangan Baxtiyor boshqa kasbda oʼzini tasavvur qila olmaydi.
Baxtiyor Joʼraev ham 2020 yili oilasi bilan yangi uyga koʼchib oʼtdi. Oila boshi ham, beka ham xonadonda ulgʼayayotgan bolalar ham sharoit va imkoniyatlardan mamnun.
“Uydan bogʼchagacha — bir qadam"
Yangi uyli boʼlishning gashti oʼzgacha. Uyli boʼlsangiz-u, farzandlaringizning bogʼcha va maktabga qatnashida muammo boʼlmasa, nur ustiga — nur. Dahada yashovchi ishchi-xodimlarda shunday sharoit bor. Chunki ularning uyidan bogʼchagacha yoʼl — bir qadam.
Kombinat ishchi-xodimlarining farzandlariga bugungi kunda 16 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti xizmat qilyapti. Shuningdek, kombinat ishchi-xodimlarining farzandlariga yozgi taʼtil vaqtida boʼsh vaqtlarini mazmunli oʼtkazishi uchun bolalar sogʼlomlashtirish oromgohlari faoliyati ham yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, bu yilgi mavsumda ushbu oromgohlarda jami 3000 dan ortiq bola dam oldi.
Hududdagi 2-maktabgacha taʼlim tashkilotida salkam 80 dan ortiq bola tarbiyalanmoqda. 4 ta guruh, 4 nafar tarbiyachi hamda shuncha yordamchi tarbiyachi, psixolog, defektolog, hamshira va oshpazlar kichkintoylarning taʼlim-tarbiya olishi uchun astoydil harakatda.
“Bizdan talab qilinadigani — oʼz tajribamizni vatanimizda qoʼllash”
OKMK bosh energetiki Davron Sherbekov Bekobod shahrida tugʼilgan. Toshkent davlat texnika universitetida elektr energetikasi yoʼnalishi boʼyicha tahsil olgan. Аmaliy faoliyatini Oʼzbekiston metallurgiya kombinatida boshlagan. Energetika va avtomatika tizimini chuqur oʼrganish, oʼz tajribasini oshirish maqsadida Germaniyaning poytaxtimizda joylashgan kompaniyasiga ishga oʼtgan. Kompaniyadagi ish jarayonida Rossiya va Qozogʼistondagi yirik investitsion loyihalarda ishtirok etgan. 2011 yil boshida Germaniyaga ishga taklif qilingan. Salkam 10 yil davomida mazkur davlatda loyihalashdan to mahsulot ishlab chiqarishgacha boʼlgan jarayonda muhandis sifatida faoliyat yuritgan.
— Oʼz yurtim rivojiga munosib hissa qoʼshish istagi uygʼondi. Shu sabab Germaniyadan Vatanimga qaytdim, — deydi D. Sherbekov. — OKMK — katta tashkilot. Menga masʼuliyatli vazifa yuklatildi, shunga yarasha maosh vaʼda qilishdi. 3 xonali uy sovgʼa sifatida berildi, mashina ajratildi. Bizdan talab qilinadigani — oʼz tajribamizni vatanimizda qoʼllash, sohani rivojlantirish. Eng muhimi, yaqinlarim bilan birgaman. Bu tuygʼu esa insonga bitmas-tuganmas quvvat beradi. Oʼn besh yildan ortiq ish faoliyatim davomida turli investitsion loyihalarda ishtirok etganman. Ularning eng qimmati 400 million dollarni tashkil qilgan. Oʼzbekistonda ayni paytda qurilishi boshlangan 3-mis boyitish fabrikasining loyiha qiymati esa 2 milliard dollarga baholanmoqda. “Аsr loyihasi” deb eʼtirof etilayotgan mazkur loyihani amalga oshirishda qatnashayotganim men uchun katta baxt.
Kombinat tizimidagi ishchi-xodimlar bilan suhbatlashar ekanmiz, har birining qalbida aytmoqchi boʼlgan izhorlari, xushxabarlari, quvonchlari borligini sezdik.
Bashorat YUNUSOVА,
"Yangi Oʼzbekiston" muxbiri