Baʼzi manbalarda keltirilishicha qadimda Dashti Qipchoqda yashagan Qaldirgʻochbiy laqabi bilan tanilgan kishi qabri uzra tiklangan. Bundan tashqari u erda koʻplab ulugʻlarni qabri bor, deya taxmin qilinadi. Qizigʻi shundaki maqbara nomi u qurilganidan bir necha yuz yillardan soʻng yashagan Toʻlabiy Alibiyqul nomi bilan bogʻliq.
Rivoyatlarga qaraganda urush xavfi tugʻilganda koʻpchilik oʻz erlarini tark etadi. Ammo Toʻlabiy oʻz oʻtovini yigʻmaydi. Bosqinchilar oʻtov yoniga yaqinlashganda lashkarboshi Toʻlabiydan nega ketmaganligini soʻraydi. Shunda Toʻlabiy “Bu yil oʻtov boshiga qaldirgʻoch in qurdi. Qaldirgʻoch afsonaviy qush. Qushni uyini buzishga, bolalarini nobud qilish qoʻlimdan kelmadi” deya javob beradi. Shundan soʻng yov Toʻlabiyni avliyo deb bilib,unga tegmaydi. Uning vafotidan soʻng maqbarasi Qaldirgʻochbiy deya atala boshlagan.
Inshoot meʼmoriy jihatdan betakror hisoblanadi. Uning gumbazi ham oʻzgacha uslubda. Piramidasimon, kuloxiy gumbaz moviy koshinlar bilan bezatilgan. Maqbara ichkarisida Tulabiyning qabr toshi joylashgan.
Maqbaraning kiraverish peshtoqida esa sulc xatida “Yunus” surasining 62-63-oyatlari bitilgan boʻlib, u quyidagi maʼnoga egadir: “Ogoh boʻlingizki, albatta, Allohning valiylari( doʻstlari) ga xavf yoʻq va ular tashvish ham chekmaslar. Ular iymon keltirgan va taqvoli boʻlganlar (hisoblanadi).”