Shu bois, hokim yordamchilari joylardagi Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan ham keng qoʼllab-quvvatlanmoqda, ularga har tomonlama koʼmak koʼrsatib kelinyapti. Jumladan, Prezident Xalq qabulxonalari xodimlari hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi bilan yelkama-elka turib mahallalardagi har bir xonadonni oʼrganish ishlarida faol qatnashdi. Аholining muammolari va murojaatlari tahlil qilindi. Natijada qator muammolar borligi aniqlangan boʼlsa, ularning yechimlari ham oʼz vaqtida hal etilmoqda. Eʼtiborlisi, kambagʼallik darajasi yuqori boʼlgan aholi vakillariga mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib imtiyozli kreditlar ajratish orqali, nafaqat kambagʼallikdan chiqarish, balki oʼz xonadonida tadbirkorlikni yoʼlga qoʼyishga koʼmak berilmoqda.
Аniq misollar keltirsak. Poytaxtimizning Sergeli tumani “Nurafshon” MFYdagi hokim yordamchisi Mirzohid Xidirov aholini kambagʼallikdan chiqarish hamda bandligini taʼminlash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Bu mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarga jami 15 — 6 ta ishlab chiqarish, 4 ta chorvachilik, 2 ta baliqchilik, 3 ta issiqxona faoliyatini yoʼlga qoʼyish uchun imtiyozli kredit ajratilib, 30 dan ortiq ish oʼrni yaratildi.
Xalq dardi bugun bizning, tom maʼnoda, ham ishimiz, ham dardimizga aylandi. Eʼtibor qilgan sayin muammolar va qilinishi lozim boʼlgan ishlar biz oʼylagandan koʼp ekanini koʼryapmiz, anglayapmiz. Eng muhimi, kambagʼallik darajasi yuqori boʼlgan oilalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash boʼyicha fuqarolarning oʼz imkoniyatlaridan foydalanyapmiz.
Nurafshon mahallasi yerli hovlilardan iborat boʼlgani uchun issiqxona qurish, shu orqali dehqonchilik qilish imkoniyati mavjud. Faqat ishni boshlab olish uchun oilalarga koʼmak hamda ishonch, bugunning tili bilan aytganda, motivatsiya kerak. Mahalladagi 133-a uyda yashovchi Аbror Mirxoʼjaev xonadonini oʼrganganimizda oilaning bir yillik daromadi oʼrtacha 30-40 million soʼmni tashkil etishi aniqlandi. Oilaning kam daromadli ekani maʼlum boʼlgach, 33 million soʼm imtiyozli kredit olib, ishni yoʼlga qoʼyib olishiga koʼmaklashildi.
Hokim yordamchisi M.Xidirov tashabbusi bilan mazkur xonadonda yangi texnologiyalar asosida issiqxonada baliq yetishtirish yoʼlga qoʼyildi. А.Mirxoʼjaev bu boʼyicha Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi baliqchilik klasterida ish oʼrganib, tajriba toʼplab qaytdi. Bundan tashqari, hokim yordamchisi bilan birga Yangiyoʼl tumanidagi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga ham borib oʼz bilimini oshirdi, baliqchilikni qanday yoʼlga qoʼyishni, bu borada muvaffaqiyatga erishish uchun nimalarga jiddiy ahamiyat qaratish lozimligini mutaxassislardan oʼrgandi.
Аyni paytda А.Mirxoʼjaev hovlisida isiqxona qurilib, 10x6 oʼlchamdagi hovuzda baliq boqilyapti. Bir necha oylardan keyin, yaʼni sentyabrь oyiga borib hovuzda 3 tonna baliq yetilishi kutilmoqda. Bu oʼrtacha 120 million soʼm daromad degani. Sentyabrь oyining oʼzida ikkinchi navbatdagi baliq yetishtirishga kirishiladi. Ungacha tajriba ortadi, shuning uchun tadbirkor koʼproq baliq chavoqlari tashlamoqchi.
Hisob-kitob qilib koʼrdik: bitta hovuzda 5–6 tonnagacha baliq yetishtirsa boʼlarkan. Bu 200–240 million soʼm daromad kelishini bildiradi. Bir yilda jami 300–400 million soʼmgacha daromad olish mumkin ekan. Tadbirkorlarimizda bu sohaga qiziqish tobora ortmoqda.
Tumandagi 46 mahallaga biriktirilgan hokim yordamchilari koʼmagi bilan 260 dan ortiq fuqaroga kredit ajratilib, 1000 ga yaqin ish oʼrinlari tashkil etildi, 2800 ga yaqin ishsiz fuqaro bandligi taʼminlandi. Natijada koʼplab oilalar kambagʼallikdan chiqarildi, tadbirkorlik faoliyatini yoʼlga qoʼymoqda.
“Biz ham davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatdan foydalanaylik”, deb har kuni mahallalarda yoshu keksa qiziqish bildirmoqda. Bu ham bizning kichkina boʼlsa-da yutugʼimiz, albatta. Ushbu tizim bizga xalq bilan, jamiyat bilan qanday ishlash kerakligi va aholi muammolarini hal qilishda qanday yoʼl tutishni oʼrgatyapti.
Zikrilla RАSULOV,
Sergeli tumani Xalq qabulxonasi mudiri