Murojaat matni uning tarafdorlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilindi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Tashiyev ishdan olinganidan so'ng uning bir necha kun avval Germaniyaga davolanish uchun ketgani haqida xabarlar tarqalgandi. Manbalarga ko'ra, u yurak og'rig'idan shikoyat qilgan va tibbiy muolajaga muhtoj bo'lgan. Tashiyevning o'zi ham bu ma'lumotni tasdiqlab, avval o'tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin prezident ruxsati bilan xorijga tekshiruvdan o'tish uchun ketganini aytdi.

Ishdan bo'shatish qarori uning uchun kutilmagan voqea bo'lganini hamda davlat rahbarining qarorini bajarish zarurligini ta'kidladi.

“Davlatimizga, xalqimizga, prezidentimizga astoydil xizmat qildim va bu bilan faxrlanaman. Faqat bir narsadan afsuslanamanki, menga shaxsiy tarkib bilan xayrlashishga imkon berilmadi. Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasining har bir xodimiga minnatdorlik bildiraman va muvaffaqiyat tilayman”, deyiladi murojaatda.

So'zining yakunida Qamchibek Tashiyev fuqarolarni qonunga rioya qilishga va noqonuniy xatti-harakatlarga yo'l qo'ymaslikka chaqirib, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhimligini ta'kidladi.

Ma'lumot o'rnida, Tashiyevning o'rniga Jumgalbek Shabdanbekov Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Uning nomzodi MXDQ raisi lavozimiga tasdiqlash uchun Qirg'iziston Jo'qorg'i Keneshiga kiritiladi. Prezident Sadir Japarov Tashiyevni ishdan olish sababini quyidagicha izohladi:

“Avvalambor, men bu qarorni davlatimiz manfaatlarini ko'zlab, jamiyatda, shu jumladan, davlat tuzilmalari o'rtasida bo'linishga yo'l qo'ymaslik, birdamlikni mustahkamlash maqsadida qabul qildim”, deya uning so'zlarini keltirdi matbuot kotibi.​

Qamchibek Tashiyev 2020-yil 16-oktabrda Qirg'iziston Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020-yil 5 – 6-oktabr voqealaridan keyin prezident vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov imzolagan. Tashiyevdan tashqari Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi raisining uch nafar o'rinbosari ham ishdan olingan, deb xabar berdi daryo.uz.