Joriy yilning 11-fevral kuni soat 23:40larda Namangan viloyati, Pop tumani, “Qamchiq” dovoni hududidan oʻtgan xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yoʻlining 222-kilometrida 1983-yilda tugʻilgan haydovchi К.Й. “DAF“ rusumli yuk avtomobilini (yengil avtomobillarni tashuvchi) boshqarayotib harakat xavfsizligini taʼminlamasdan, yoʻlning xavfli burilish qismida boshqaruvni yoʻqotgan.
Shuningdek, qarama-qarshi yoʻnalishni ajratib turuvchi toʻsiqqa urilib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1992-yilda tugʻilgan Ж.А. boshqaruvida boʻlgan “Isuzu“ rusumli yuk avtomobili bilan toʻqnashib ketgan.
Toʻqnashuv oqibatida ikkala haydovchi hamda uch nafar yoʻlovchilar olingan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur YTH vaqtida “DAF“ rusumli yuk transport vositasiga ortilgan bir qancha yengil avtomobillar pastlikka tushib ketgan. Ushbu avtomobillarni maxsus texnika yordamida pastlikdan chiqarish ishlari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Barcha haydovchilardan yoʻllarda qoidalarga rioya etgan holda, ehtiyotkorlik bilan harakatlanishlari soʻraldi.