“Qamchiq" dovonidan odamlarni olib oʻtish uchun maxsus poyezdlar yoʻlga qoʻyildi

    Bugun soat 05:20 dan boshlab “Ohangaron”, “Angren”, “Orzu” temir yoʻl bekati hamda vokzallaridan “Pop” vokzaligacha 200 nafardan ortiq yoʻlovchi poyezdda evakuatsiya qilinmoqda.

    Maʼlumki, “Qamchiq” dovonida qor koʻchkisi xavfi yuzaga kelganligi sababli, 15-fevral kuni soat 22:40 dan A-373 xalqaro avtomobil yoʻli harakat uchun vaqtincha yopilgan edi.

    Shu sababli fuqarolarni dovondan evakuatsiya qilish shtabi tuzilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamkorligida fuqarolarga 5202-sonli “Ohangaron – Angren – Pop” yoʻnalishida maxsus poyezd reysi tashkil etildi va bugun soat 05:20 dan boshlab “Ohangaron”, “Angren”, “Orzu” temir yoʻl bekati hamda vokzallaridan “Pop” vokzaligacha 200 nafardan ortiq yoʻlovchi poyezdda evakuatsiya qilinmoqda.

    Shuningdek, 5201-sonli “Pop – Angren” yoʻnalishida ham fuqarolarni dovondan evakuatsiya qilish ishlari davom ettiriladi, deyiladi Transport vazirligi axborot xizmati xabarida.