2025-yil ana shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida oliy taʼlimdagi oʻzgarishlarning miqdoriy kengayishdan sifat jihatidan takomillashuvga yoʻnalgan yangi bosqichini yaqqol namoyon etdi.

Soʻnggi yillarda oliygohlar soni deyarli uch barobar oshib, 2025-yilda 207 taga yetdi. Talabalar soni esa 1,7 millionni tashkil qildi. Bu raqamlar ortida faqat statistik oʻsish emas, balki jamiyatda bilimga ehtiyoj oʻsib borayotgani, oliy taʼlimning ijti­moiy mobillik va shaxsiy kamolot omili sifatida anglanayotgani mujassam.

Tizimning kengayishi infratuzilmaviy asoslar bilan mustahkamlandi. Yangi oliy taʼlim muassasalari, oʻquv binolari, talabalar turar joylari va zamonaviy laboratoriyalar barpo etildi. Eng muhimi, oʻqitish mazmuni oʻzgardi. Miqdoriy oʻsish sifatni oshirish orqali taʼminlandi. Barcha oliy taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimi joriy etilishi, oʻquv dasturlarining xalqaro universitetlar tajribasi asosida qayta koʻrib chiqilishi oliy taʼlimni zamonaviy bilim iqtisodiyoti talablariga moslashtirdi. Oʻqitish sifatini baholash, shaffoflik va akademik masʼuliyat tamoyillari tizimning ichki meʼyoriga aylana boshladi.

Shu maʼnoda, ortda qolgan yil Oʻzbekis­ton oliy taʼlimi tarixida shunchaki nav­batdagi islohot yili emas, balki maqsad va mazmunni aniq belgilab olish davri sifatida ahamiyat kasb etdi.

Bitiruvchi — mehnat bozori uchun muhim subyekt

Zamonaviy taʼlim tizimi samarasi faqat oʻtilgan dars soatlari yoki berilgan diplomlar bilan emas, balki yosh mutaxassisning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa olishi bilan oʻlchanadi. Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston oliy taʼlimida “taʼlim — ish — kasbiy barqarorlik” zanjirini shakllantirishda muhim bosqich boʻldi.

Avvalo, oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik tizimli tus oldi. Oliygohlar huzurida ish beruvchilar ishtirokida taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish, amaliyot mazmunini aniq ish oʻrinlariga yoʻnaltirish va bitiruvchi kompetensiyalarini real iqtisodiy talablarga moslashtirish jarayonlari faollashdi. Bu hamkorlik formal kelishuvlar doirasida cheklanib qolmay, taʼlim jarayonining tarkibiy qismiga aylana boshladi.

2025-yilda bitiruvchilarni ishga joylashtirishga qaratilgan institutsional mexanizmlar ham kengaytirildi. Xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida oliy taʼlim muassasalari, banklar va xususiy sektor oʻrtasida oʻziga xos ekotizim shakllantirildi. Natijada minglab bitiruvchi talabalar oʻz biznes loyihalarini taqdim etish, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlikka qadam qoʻyish imkoniyatiga ega boʻldi. Mazkur jarayon ish bilan taʼminlash tushunchasini faqat tayyor ish oʻrni bilan chek­lamay, yoshlarni ish yaratuvchi subyekt sifatida koʻrishga xizmat qildi.

Dual taʼlim tizimi esa taʼlim bilan ish oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etishda hal qiluvchi omilga aylandi. 2025-yilda dual taʼlimni tashkil etish tartibi tasdiqlanishi oliy taʼlim muassasalariga ish beruvchilar bilan hamkorlikda kadr tayyorlashni huquqiy va tashkiliy jihatdan mus­tahkamlash imkonini berdi. Bu model doirasida talabalar oʻqish jarayonidayoq ishlab chiqarish muhitiga kirib borib, nazariy bilimini amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirish imkoniyatiga ega boʻldi. Natijada bitiruvchi uchun “birinchi ish joyi” muammosi asta-sekin oʻz dolzarbligini yoʻqota boshladi.

Umuman olganda, bugun bitiruvchilarni ishga joylashtirishga taʼlim sifatini baholashning asosiy indikatorlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Xalqaro ochiqlik — global raqobat maydonida yangi bosqich

Taʼlim endi faqat ichki ehtiyojlarni taʼminlash vositasi emas, balki mamlakatning tashqi intellektual imiji, iqtisodiy raqobatbardoshligi va “yumshoq kuch” salohiyatini shakllantiruvchi strategik resurs sifatida namoyon boʻlmoqda. Bu jarayon, avvalo, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish va taʼlim xizmatlari eksportini rivojlantirish orqali amaliy mazmun kasb etdi.

Kasbiy taʼlim sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan ishlar aniq natijalar berdi. Jumladan, 2025-yilda 47 ta texnikumda 27 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha xalqaro taʼlim dasturlari asosida 4149 oʻquvchi qabul qilinishi kasbiy taʼlimni global mehnat bozori talablariga moslashtirishda muhim qadam boʻldi. Bu koʻrsatkich kasbiy taʼlim tizimida ilgari mavjud boʻlgan mahalliy yoʻnaltirilgan modeldan xalqaro kompetensiyalarga asos­langan tayyorgarlikka oʻtish boshlanganini anglatadi. Taʼlim mazmuni standartlashuvi, baholash tizimining xalqaro mezonlarga yaqinlashuvi va ish beruvchilar bilan hamkorlikda shakllangan oʻquv rejalari mazkur yoʻnalishning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

2025-yilga kelib, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 19 ming 862 nafarga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yillarga nisbatan 125 foizlik oʻsishni tashkil etib, mamlakatimizning mintaqadagi taʼlim markazlaridan biriga aylanib borayotganini tasdiqlaydi. Xalqaro talabalar kontingenti kengayishi taʼlim xizmatlari eksporti hajmida ham oʻz ifodasini topdi. 2025-yilda taʼlim eksporti 35,2 million dollarni tashkil etib, bu borada 148 foizlik oʻsishga erishildi. Bu raqamlar taʼlimni iqtisodiyotning mustaqil va daromad keltiruvchi tarmogʻi sifatida shakllantirish imkoniyati mavjudligini yaqqol koʻrsatadi.

— Xalqaro taʼlim dasturlari va xorijiy talabalarni jalb etish siyosati faqat iqtisodiy manfaat bilan cheklanmaydi, — deydi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov. — Bu jarayon milliy taʼlim tizimini tashqi baholash mexanizmlari bilan bogʻlaydi, akademik muhitda raqobat va ochiqlikni kuchaytiradi, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar uchun yangi intellektual ufqlar ochadi. Eng muhimi, taʼlim orqali shakllanayotgan xalqaro aloqalar uzoq muddatli diplomatik hamda madaniy hamkorlik uchun mustahkam poydevor hozirlaydi.

Xalqaro taʼlim yoʻnalishida qilingan ishlar Oʻzbekiston oliy va kasbiy taʼlimida miqdoriy koʻrsatkichlardan tashqari, mazmun, nufuz va strategik ahamiyat nuqtayi nazaridan ham sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini koʻrsatmoqda. Xususan, 47 ta texnikumda Germaniya, Angliya, Shveysariya hamda Janubiy Koreyaning nufuzli taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda 27 ta kasb boʻyicha xalqaro taʼlim dasturlari asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Bu, avvalo, kasbiy taʼlim mazmunini zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish madaniyati va xalqaro malaka talablari bilan boyitish imkonini berdi. Ushbu hamkorlik faqat oʻquv rejalarini koʻchirish yoki alohida fanlarni joriy etish bilan cheklanmadi. Xalqaro taʼlim das­turlari doirasida ­oʻqitish ­natijalarini baholash, amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish, ish beruvchilar ishtirokida kompetensiyalarni shakllantirish kabi tamo­yillar tizimli joriy etildi. Natijada texnikum bitiruvchisi muayyan kasbni egallash bilan birga, uni xalqaro standartlar darajasida amalga oshirish salohiyatiga ega mutaxassis sifatida tayyorlanmoqda. Ayniqsa, Germaniya va Shveysariya tajribasiga asoslangan dual taʼlim kasbiy taʼlimni ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlashga xizmat qilmoqda. Angliya va Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi dasturlar esa taʼlimda innovatsion texnologiyalar, raqamli yechimlar va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etishga turtki bermoqda. Bu xilma-­xillik milliy kasbiy taʼlim tizimini bir tomonlama emas, balki koʻp vektorli rivojlanish yoʻliga olib chiqmoqda.

Muhandislik maktablari: bilimdan yechimga olib boradigan yangi model

Eng muhim institutsional yangiliklardan biri muhandislik taʼlimini mazmunan qayta tashkil etishga qaratilgan ilgʻor muhandislik maktablari tashkil etilganidir. Ushbu yondashuv orqali muhandislik taʼlimini anʼanaviy nazariy tayyorgarlik doirasidan chiqarib, aniq texnologik yechimlar, amaliy tadqiqotlar va sanoat ehtiyojlari bilan uzviy bogʻlash maqsad qilindi. Xususan, oliygohlarda “yashil” energetika, mashinasozlik, sunʼiy intellekt, transport, qurilish va sanoat kabi strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlarda 14 ta muhandislik maktabi tashkil etildi. Bu maktab­lar mamlakat iqtisodiyotida uzoq muddatli ­raqobatbardoshlikni taʼminlovchi sohalarga qaratilgan boʻlib, muhandislik tafakkurini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Muhandislik maktablari tashkil etilishi taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi anʼanaviy uzilishni bartaraf etishga qaratilgan tizimli yechim sifatida namoyon boʻladi. Ushbu maktablarda taʼlim jarayoni faqat auditoriya bilan cheklanmay, laboratoriya tadqiqotlari, sanoat korxonalari bilan qoʻshma loyihalar, startap tashabbuslar va innovatsion ishlanmalar orqali boyitilmoqda. Natijada muhandis kadr tayyorlash jarayoni “bilim berish”dan “injenerlik yechimi yaratish” bosqichiga koʻtarilmoqda. Ayniqsa, “yashil” energetika va sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi muhandislik maktab­lari global tendensiyalar bilan hamnafas rivojlanayotgani eʼtiborga molik. Bu yoʻnalishlarda tayyorlanayotgan mutaxassislar nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini taʼminlash, balki xalqaro loyihalarda ishtirok etish salohiyatiga ega kadrlar sifatida shakllanmoqda. Shu bilan birga, mashinasozlik, transport va qurilish sohalaridagi muhandislik maktablari milliy sanoatni texnologik modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarishni chuqurlashtirish va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Muhandislik maktablarida muhandis muammoni koʻra oladi, uni tahlil qiladi va javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan holda yechim taklif etadigan ijodkor mutaxassis sifatida tarbiyalanadi. Taʼlim jarayonida fan, texnologiya va innovatsiya bir butun zanjirga aylanib, yoshlarning ilmiy salohiyati real iqtisodiy qiymat kasb eta boshlaydi.

Umuman olganda, muhandislik maktab­lari sifat oʻzgarishining yorqin namunasi boʻlib, taʼlimni milliy taraqqiyotning texnologik drayveriga aylantirish yoʻlida qoʻyilgan strategik qadam sifatida baholanadi.

Natijaga oʻtish davri

2025-yilda shakllangan institutsional poydevor 2026-yilga kelib, taʼlim tizimini yanada chuqur isloh qilish, mehnat bozori, xalqaro standartlar va investitsiya muhiti bilan uzviy bogʻlashni taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar taʼlim sohasida miqdoriy koʻrsatkichlar bilan birga aniq natijalarga erishishni koʻzda tutuvchi yangi bosqichni ifoda etadi.

Avvalo, yoshlarni erta kasbiy yoʻnaltirish masalasi tizimli yondashuv asosida hal etiladi. 2026-yilda umumtaʼlim ­maktablarining 9-sinf bitiruvchilaridan 30 foizini texnikumlarga qamrab olish rejalashtirilgani taʼlim trayektoriyasini ilk bosqichdanoq maqsadli belgilashga qaratilgan muhim qarordir. Bu yondashuv orqali “maktab — texnikum — ish oʻrni” zanjiri barvaqt shakllanib, yoshlarning mehnat bozoriga moslashuvi tezlashadi.

Kasbiy taʼlimda xalqaro oʻlchovni kengaytirish ham ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻladi. Jumladan, 100 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali kasbiy taʼlim milliy ehtiyojlar bilan cheklanmay, global mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim dasturlari soni 120 taga yetkazilishi rejalashtirilgani mazmunni xalqaro baholash mexanizmlari orqali takomillashtirishga qaratilgan. Bu jarayon universitetlarni ichki raqobatdan tashqi akademik raqobat muhitiga olib chiqib, taʼlim sifatiga talabni oshiradi.

Taʼlim sohasini rivojlantirishda inves­titsiya omili ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. 2026-yilda jami 80 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya mab­lagʻlarini oʻzlashtirish rejalashtirilgan boʻlib, shundan 51 million dollari davlat kafolatidagi loyi­halar hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu bilan birga, oliy taʼlimda infratuzilmaviy imkoniyatlarni kengaytirish ham davom ettiriladi. Oliygohlarda qoʻshimcha 4000 oʻquv oʻrni ochiladi. Bu talab va demografik bosimni hisobga olgan holda koʻrilayotgan tizimli choradir. Nihoyat oliy taʼlimning xalqaro ochiqligini taʼminlash maqsadida oliygohlar tomonidan xorijiy fuqarolarga grant berish amaliyotini qoʻllash koʻzda tutilmoqda. Bu tashabbus taʼlimni faqat xizmat eksporti emas, balki intellektual hamkorlik va madaniy muloqot vositasi sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Belgilangan vazifalar taʼlim tizimini natijaga yoʻnaltirilgan, xalqaro standartlarga mos va investitsiyaviy jihatdan jozibador tizimga aylantirishni maqsad qiladi. Bu esa yangi Oʻzbekistonda taʼlimni strategik taraqqiyotning eng muhim ustunlaridan biri sifatida mustahkam qaror topayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri