Anjuman Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda Markaz rahbariyati, ilmiy xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 8-aprel kuni Markazimizga tashrif buyurdi hamda olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirib, oʻz maslahatlarini berdi, – deydi Markaz direktori Shoazim Minovarov. – Davlatimiz rahbarining, “Biz nima uchun bu Markazini quryapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, gʻururini koʻtarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun”, degan soʻzlari bizning qalbimizga oʻzgacha shijoat va faxr bagʻishladi. Markaz tarkibida barcha tillar boʻyicha salohiyatli tarjimonlar tayyorlash boʻlimini tashkil etish taklifining davlat rahbari tomonidan maʼqullanishi tashrifdagi eng muhim jihatlardan biri boʻldi. Ushbu tashrif jamoamiz oldiga yanada ulkan va sharafli vazifalarni qoʻydi.

Shuningdek, tadbirda oʻtgan davr mobaynida Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston boʻlimi konsepsiyasi hamda boʻlim ekspozitsiyasi loyihasi ishlab chiqilganligi aytib oʻtildi. Mazkur gʻoya va buyuk ajdodlarimiz ilmiy-maʼnaviy, diniy-maʼrifiy merosini targʻib qilish, yangi yuksalish davri yutuqlarini ilmiy asosda koʻrsatib berish maqsadida telekanallarda muntazam telekoʻrsatuvlar efirga uzatildi, ijtimoiy tarmoq va veb-saytlarda axborotlar, maʼlumotlar joylashtirildi.

“Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” kitob-fotoalbomini toʻrt tilda (oʻzbek, rus, arab, ingliz)gi nashrini tayyorlash boʻyicha ijodiy guruh shakllantirildi. Hozirda ijodiy guruh tomonidan fotolabomning oʻzbek tilidagi matni tayyorlandi.

“Sharq va Gʻarb” nodir kitoblar kolleksiyasi fihristi oʻzbek, rus, ingliz, arab va fransuz tillariga tarjima qilindi va 4 jildda nashrdan chiqarildi.

Ayni paytda Markaz kutubxonasi fondi jami 370 ming 700 ta qadimiy yozma manbalar, zamonaviy nashrlar va ularning elektron nusxalari bilan boyitilgan. Jumladan, hozirda markaz fondida 1088 ta qadimiy yozma manbalar boʻlib, ulardan 465 tasi qoʻlyozma, 623 tasi esa toshbosma manbalardir. Shuningdek, 18 ming 776 ta zamonaviy nashrlar hamda 352ming 836 ta qadimiy yozma manbalar va adabiyotlarning elektron nusxalari mavjud.

Respublika fondlarida saqlanayotgan 41 mingdan ortiq yozma manbalar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi yaratilib, ularning ilmiy tahlili asosida 28 ming manbalar reyestri (pasporti) tayyorlandi.

Markaz qoshida “Allomalar merosi” oʻquv markazi tashkil etildi. Oʻquv markazining jami 12 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Oʻquv markazida arab tili, xattotlik, Qurʼoni karimni oʻrganish boʻyicha darslar yoʻlga qoʻyilgan.

Birinchi bor Hazrati Imom majmuasi maydonida, ochiq osmon ostida oʻtkazilgan ilmiy-maʼrifiy kitoblar koʻrgazmasi koʻplab yurtdoshlarimizning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Ushba maʼrifiy tadbir doirasida kitoblar taqdimoti, taniqli shaxslar ishtirokida yoshlarni ilm-maʼrifatga daʼvat etadigan suhbatlar, kitobxonlar oʻrtasidagi sovrinli tanlovlar ham oʻtkazildi.

Anjuman soʻnggida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga Markaz rahbariyati va uning masʼul xodimlari javob berishdi.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri