Maʼlumotlarga koʻra, oziq-ovqat mahsulotlari orasida faqat tuz va shakargina allergen hisoblanmaydi. Qolgan har qanday noz-neʼmat qaysidir oʻrinda yoki darajada allergiyaga sabab boʻlishi mumkin.
— Tovuq tuxumi keng tarqalgan allergenlar jumlasidan, — deydi I.Roziqova. — U bolalarda uchraydigan oziq-ovqat allergiyasining sababchilaridan biri hisoblanadi. Tarkibida proteinlar, suv, yogʻ va oqsillar mavjud. Oqsillar guruhlari ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsinlarni oʻz ichiga oladi. Ular molekulyar darajada oʻrganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari allergik reaksiyalarga sabab boʻlishi oʻrganildi.
Baʼzilar tuxum oqini bemalol isteʼmol qiladi-yu, sarigʻini koʻtara olmaydi yoki aksincha. Tuxum qaynatilgan yoki qovurilganda, oqining antigen xususiyati kamayadi. Bunday kishilarda boshqa parranda tuxumlari ham bir xil reaksiya paydo qiladi. Tuxumga allergiyasi bor kishilarning aksariyatida tovuq katagi yoki parranda fermasi hidiga allergiya holati kuzatiladi. Baliq — kuchli antigen. Bu mahsulotga allergiyasi bor kishilar hayotiga uni tayyorlash jarayonida taraladigan hid ham xavf tugʻdirishi ehtimoli bor.
Baliq goʻshtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi oʻrganishlar uning tarkibida allergiyaga sababchi boʻlishi mumkin Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.
Bugʻdoy va soya ham baʼzida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, dukkakli oʻsimliklardan olinadigan soya mahsulotiga allergiyasi bor bemorlarda koʻpincha sigir sutiga ham allergik reaksiya kuzatiladi.
Soya tarkibini molekulyar darajada oʻrganish natijasida uning tarkibida allergiyaga sababchi boʻlishi mumkin boʻlgan Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi maʼlum boʻldi.Goʻsht mahsulotlari orasida esa parranda goʻshti boshqalariga nisbatan koʻproq antigen xususiyatga ega.
Meva-sabzavotlar oʻrtasida sitrus mevalar, qulupnay va yertut koʻproq allergiya qoʻzgʻaydi. Yongʻoqqa allergiyasi boʻlganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham taʼsirchan boʻladi.
Ayniqsa, yeryongʻoq kuchli allergen hisoblanadi. Bu mahsulot koʻp hollarda anafilaktik reaksiyaga sabab boʻladi.
Shokolad, kakao, javdar, joʻxori, guruch, arpa kabi mahsulotlar esa kuchsiz antigen xususiyatga ega boʻlib, jiddiy asoratlarni keltirib chiqarmaydi.