Qardosh xalq bilan ezgu maqsadlarimiz yangi bosqichda

    Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, mamlakatimizda 200 mingdan ortiq turkman millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda.

    Tarixdan maʼlumki, turkmanlar Oʻzbekiston hududida qadim zamonlardan buyon yashab keladilar. Ular oʻzlarining koʻp asrlik madaniyati va anʼanalarini saqlagan holda Oʻzbekistonning koʻpmillatli yagona oilasiga uygʻun tarzda qoʻshilib ketganlar. Turkmanlarni oʻzbek xalqi bilan tili, madaniyat, urf-odat va tarixiy ildizlarining yaqinligi, shuningdek, ikkala xalq uchun umumiy boʻlgan epos, afsona va xalq dostonlari birlashtiradi.

    Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, mamlakatimizda 1990-yilda 123 711 nafar, 2000-yilda 144 601, 2019-yilda 198 797 nafar va 2022-yil holatida esa 200 mingdan ortiq turkman millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda.

    130 dan ortiq millat va elatni “Oʻzbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostida birlashtirib kelayotgan jonajon yurtimizda ikki yuz mingdan ortiq turkmanlar oʻz milliy madaniyatlari, tili, anʼanalari va urf-odatlarini asrash hamda rivojlantirish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlarini 2001-yil 7-may kuni tashkil qilingan Respublika Turkman madaniy markazi orqali amalga oshirib kelmoqda. Aytish oʻrinliki, bugungi kunga kelib ushbu markazning tarkibiy tuzilmasi hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turkman madaniy markazi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalari faoliyat yuritib kelmoqda.

    Bagʻrikeng diyorimizda millat va elat vakillari singari turkman millatiga mansub fuqarolar ham yurtimizning muhim sanalari: Navroʻz, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni singari umumxalq bayramlarida faol qatnashadilar. Ushbu millatning tarixiy shaxslari, allomalari, jumladan, turkman tilining asoschisi, XVIII asrda yashab oʻtgan buyuk shoir va alloma Maxtumquli, turkman mumtoz shoiri Mollanapes Qodirberdi oʻgʻli kabi insonlar xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Shuningdek, turkman xalqi buyuk shaxslari, shoiru arboblarining oʻzbek tiliga tarjima qilingan kitoblarining taqdimoti oʻtkaziladi, turkman sanʼati va xalq hunarmandchiligi namunalari namoyish qilinadi. Aytish kerakki, yurtimizning koʻpgina mahallalari, koʻchalari, istirohat bogʻlari, muassasalariga turkman xalqining shahar/tumanlari, taniqli shaxslari, arboblari, shoirlarining masalan, “Ashxabot” istirohat bogʻi, “Maxtumqoʻli” nomidagi mahalla, koʻchalari nomi berilgan. Bu esa, bagʻrikeng Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik gʻoyasini keng quloch ochishiga, “Inson qadri uchun” umumxalq harakati millatidan qatʼiy nazar teng va keng amalda yoʻlga qoʻyilganining yorqin ifodasidir.

    Oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan oʻzbek-turkman munosabatlarining rivojlanishiga koʻmaklashish barobarida markazlar jamoatchiligi tomonidan har yili oʻzbek-turkman doʻstligi kechalari tashkil qilinadi. Bugungi kunda milliy madaniyat markazlari oʻqitish turkman tilida olib boriladigan 40 dan ortiq maktablarga koʻmaklashadilar, ushbu maktablar uchun mutaxassislar Qoraqalpoq davlat universitetining turkman filologiyasi fakultetida, Beruniy shahridagi pedagogika kollejida tayyorlanadi. Bundan tashqari, respublikada turkman tilida bir qator gazeta va jurnallar chop etiladi. Yoshlar bilan ishlash dasturlari doirasida markazlar qoshida havaskor badiiy jamoalar tashkil etilgan boʻlib, ular orasida eng mashhuri Qoraqalpogʻiston Turkman madaniy markazi qoshida faoliyat yurituvchi “Orzu” ansambli hisoblanadi. Ushbu markazda “Mekan” gazetasi ham chop etiladi.

    Shuningdek, oliy taʼlim sohasida turkman millatiga mansub koʻplab yoshlarga yurtimizning koʻpgina hududlari, xususan, Buxoro viloyatidagi oliy taʼlim muassasalarida ham taʼlim beriladi.

    Joriy oʻquv yili, 2021/2022-oʻquv yilida Buxoro davlat universitetida 285 nafar, Buxoro muhandislik texnologiyalari institutida 10 nafar, Buxoro tibbiyot institutida 247 nafar, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida esa 27 nafar va viloyat miqyosida 569 nafar turkman millatiga mansub talabalarga oliy taʼlim berilgan. Xususan, Buxoro davlat universitetida oʻtgan yillarda tahsil olgan 259 nafar turkmanistonlik talabalar toʻrt yillik bakalariyat yoʻnalishini tamomladi va ularga universitet rahbariyati tomonidan kuni kecha tantanali ravishda diplomlar topshirildi.

    — Biz turkman bitiruvchi yoshlar ishtirokida 14-iyun kuni universitetda “Yangi Oʻzbekiston — bagʻrikeng diyor” shiori ostida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi — deydi, universitet bitiruvchisi Oguldondi Jumanazarova. — Uchrashuvda rektorga men Oʻzbekistonda, Buxoro davlat universitetida taʼlim olganimdan faxrlanishimni aytdim. Sababi, shu oliygohda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson qadrini ulugʻlab, millatidan qatʼiy nazar har bir yoshni taʼlim olishi uchun qilayotgan gʻamxoʻrligi va universitet rahbariyatining talabalarni sifatli taʼlim olishi, maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish, boʻsh vaqtini maqsadli, samarali tashkil etish, qoʻshimcha kasb-hunarni egallashi, qiziqish va intilishlarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratib berishi tufayli katta natijalarga erishdim. 2021-yil sentyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30 yil” koʻkrak nishoni sohibi boʻldim. Buning uchun barcha ustozlarimga boshim yerga tekkuncha taʼzim qilaman.

    — Bizga 4 yil davomida Buxoro davlat universiteti jamoasi ham ota-ona, ham yaqin insonlardek boʻlishdi, — deydi universitet bitiruvchisi Zarina Sultanova. — Turkmaniston, uyimizdan koʻp yil uzoqda yashab, goh-gohida ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida qiyinchiliklar yuzaga keldi. Ammo, shunday davrda universitet jamoasi har tomonlama qoʻllashdi, mavjud kamchiliklarimizga insoniy madad boʻldilar. Buning uchun Oʻzbekiston xalqi, buxoroliklar, jonajon oliygohimdagi barcha jonkuyar ustozlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

    Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning soʻngi besh-olti yil davomida mamlakatimizning shiddatli taraqqiyoti, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida qilinayotgan strategik harakatlar xususan, millatlararo totuvlik, qoʻshni mamlakatlar bilan keng hamkorlik siyosati tom maʼnoda har bir insonni millatidan, fuqaroligidan qatʼiy nazar baxtiyor qilmoqda.

    Jonajon Oʻzbekistonimizda millatlararo totuvlik, tinchlik-osoyishtalik abadiy boʻlsin.

    Azizbek OMONOV,

    Buxoro davlat universiteti Yoshlar masalalari va

    maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori