O'tgan yili “Qashshoqlikka barham berish va kambag'allikka qarshi kurashish” masalalariga bag'ishlangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global sammiti o'tkazilishi, qolaversa, har yili Istanbuldagi “Yevrosiyo iqtisodiy sammiti”ning bo'lib o'tishi kishilarga to'kis turmush tarzini kechirishi uchun oldinda qilinishi kerak bo'lgan qator vazifalar borligi va buni uddasidan chiqish uchun mamlakatlar birgalikda harakat qilmog'i zarurligidan darak beradi.
Jahon banki guruhining a'zosi ijtimoiy himoya bo'yicha mutaxassisi Marina Novikova tomonidan “O'zbekiston fuqarolarinining krizisga javobi” mavzusida taqdimot tayyorlanib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga taqdim qilindi. Jamoat ishlari jamg'armasining ish faoliyani ayniqsa pandemiya davrida krizisga tezkor choralar sifatida tan olindi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari Ramirro Pizarro, Maykel Lyui-Ki-Song, Kris Donjers, Yimon Dazern, YAsmina Papa va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan veb konferentsiyalar o'tkazilib, unda jamoat ishlari dasturi kambag'allikni qisqartirishga xizmat qilayotgani, mahalliy hokimiyat va xususiy sektorning o'zaro hamkorligi, bu esa o'z navbatida mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga ham o'z hissasini qo'shayotgani yuqori darajada ekanligi alohida ta'kidlandi.
Joriy yilning 7-9-iyun kunlari bo'lib o'tgan Istanbulda o'tgan “Yevrosiyo iqtisodiy sammiti”da ham bir qancha “Yangi energiya iqtisodiyoti”, “Global biznes hamjamiyatlari o'rtasida hamkorlik va sheriklik”, “Raqamli dunyo sari”, “Yashil dunyo sari”, “Oziq-ovqat, Ta'minot va tovar inqirozi”, “Shaharlar muloqoti”, “Tinchlik ta'minoti zanjiri, iqlim o'zgarishi va migratsiyaga to'sqinlik qiluvchi muammolar” kabi mavzularda ma'ruzalar bo'lib, ularda bugungi axboriy jamiyat, ekologiya, kambag'allikka qarshi kurash va shaharlar rivojlanishidagi o'zgarishlar birma-bir ko'rib chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg'armasi ham mazkur Sammitga faxriy mehmon sifatida taklif etildi. Eng quvonarlisi esa, Jamoat ishlari jamg'armasi Ijro etuvchi direktsiyasi bilan Turkiya davlatining Istanbuldagi Strategik va ijtimoiy tadqiqotlar “Marmara Grupp” jamg'armasi, Istanbuldagi yillik “Yevrosiyo iqtisodiy sammiti” Vasiylik Kengashi o'rtasida 2022-2026-yillarda hamkorlik qilish to'g'risida Memorandum imzolandi.
O'zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy siyosat, aholi bandligini ta'minlashda ko'rilayotgan tezkor zaruriy choralarni butun dunyoga namoyon qilish, O'zbekiston tajribasi tariqasida Turkiya Respublikasi hamda boshqa davlatlarga tadbiq qilish ko'zda tutilgan. Mamlakatimizda ehtiyojmand aholini kambag'allikdan chiqarish, bandligini ta'minlash, tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash orqali, Jamg'arma mablag'lari hisobidan ularga asosiy vosita, mini uskunalarni ijaraga berish, yangi ish o'rinlarini yaratish, ishsiz fuqarolarni doimiy bandligini ta'minlash jamg'armaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Mazkur Memorandum 4 yilga mo'ljallangan bo'lib, unda sohaga oid yo'nalishlarni amaliyotga joriy qilish va foydalanish masalalari bo'yicha o'zaro manfaatli seminarlar, konferensiyalar, ikki tomonlama tashriflar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish orqali o'z mutaxassislari va ekspertlari o'rtasida tajriba va ma'lumot almashish, sohaga oid zamonaviy ish usullarini ishlab chiqishga ko'maklashish, bandlikni ta'minlash sohasida qo'shma loyihalarni qo'llab-quvvatlash va amalga oshirish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishga kelishib olindi.
Salohiddin SAMADOV,
Jamoat ishlari jamg'armasi
ijrochi direktori