Qarindoshi fohishalikka majburlagan qizning Turkiyadan qaytishiga yordam berildi

    Taʼkidlanishicha, xolasining qizi A.M. uni mehmonxonada farrosh boʻlib ishlash bahonasida Turkiyaga taklif qilgan.

    Oʻzbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi aldov yoʻli bilan Turkiyaga olib kelingan odam savdosi qurboniga yordam koʻrsatdi. Bu haqda konsullikning matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, 20 yoshli F.H. bosh konsulxonaga murojaat qilib, xolasining qizi A.M. uni mehmonxonada farrosh boʻlib ishlash bahonasida Turkiyaga taklif qilgan. Biroq u yerga borgach, qizni fohishalik bilan shugʻullanishga majburlay boshlashgan. Jabrlanuvchining pasportini tortib olib, tahdid orqali boʻysundirishga urinishgan.

    Tutqunlikda ushlab turganlar chiqib ketganidan foydalanib, oʻzbekistonlik qiz mamlakat bosh konsulxonasi bilan telefon orqali bogʻlana olgan. Uning aytishicha, konsullik xodimlari tezda harakat qilib, unga Izmirdan Istanbulga chipta sotib olishda yordam berishgan, uni kelganida kutib olishgan va xavfsiz joyga joylashtirgan.

    F.H.ni mehmonxonadan olib chiqish, tashish va joylashtirish Turkiyada faoliyat yuritayotgan “Oʻzbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” hamda “Oʻzbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish” jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

    Mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur holatga aloqador boʻlgan va Turkiyada odam savdosi bilan shugʻullanuvchi uyushgan jinoiy guruh qoʻlga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

    15-noyabr kuni jamiyatlar bilan hamkorlikda fuqaro F.H. Oʻzbekistonga qaytarildi.