Xaridor qanday mahsulotni xarid qiladi? Ko'proq qanday mahsulot iste'molchini o'ziga jalb qiladi, degan savolga sifatli, bozorda ko'p yillik tajribaga ega ishonchli mahsulotni, degan javob eng to'g'ri bo'ladi.
Kontrafakt mahsulot tayyorlovchilar ham aynan ishonchli, bozorda o'z o'rnini topgan mahsulot nomini o'zlashtirib, shu nom bilan mahsulot ishlab chiqarishadi. Ammo sifatiga keladigan bo'lsak, uning original mahsulot bilan teng bo'lishiga kafolat yo'q. Chunki original mahsulot maxsus sifat nazoratidan o'tadi, korxona zamonaviy uskunalar amortizatsiyasiga doim e'tibor qaratadi, iste'molchilar bilan muloqot qilib, talab va taklifini inobatga oladi.
Kontrafakt ishlab chiqaruvchiga esa bularning ahamiyati yo'q. Chunki u bugun bir turdagi mahsulotni tayyorlasa, ertaga boshqasini chiqaradi. Iste'molchilar ham kontrafakt mahsulot farqiga bormay, aldanib qolaveradi. Bu xuddi qarmoqsiz baliq ovlamoqchi bo'lgan baliqchi oviga o'xshaydi.
Eng ko'p foydalanadigan mahsulotlardan biri shampun deb olsak, mutaxassislar sochlarni yaxshi parvarishlar uchun faqat bir turdagi shampundan foydalanishni tavsiya qilishadi. Lekin Siz o'zingiz foydalanadigan mahsulot o'rniga aynan o'xshash bo'lgan boshqa shampunni adashib olsangiz va uning sifati siz kutganday bo'lib chiqmasa qanday ahvolga tushasiz? Jazavaga tushishingiz aniq. Chunki qanday qilib sifatli mahsulot bir kunda o'zgarib qolishi mumkin, deb o'ylaysiz.
Intellektual mulk agentligi xodimlari monitoring ishlarini olib borish davomida AQSHning “The Procter & Gamble Company” kompaniyasiga tegishli bo'lgan “Head & Shoulders” mahsuloti nomidan ruxsatsiz foydalanib, uning faqatgina birgina harfini tushirib qoldirib, iste'molchilarni adashtirish va tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatini aniqladi. Holat yuzasidan huquqbuzarga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va sud tartibida jarima undirildi.
Hurmatli iste'molchilar! Mahsulot xarid qilganda uning nomi to'g'riligiga ishonch hosil qiling, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma'lumotlarni tekshirib oling. Agar kontrafakt mahsulotga duch kelsangiz @ima_monitoring_bot telegram kanaliga murojaat qiling.
Intellektual mulk agentligi axborot xizmati