Aholiga sifatli va kafolatli kommunal xizmat koʻrsatish tizimi oʻz nomiga munosib emasligi uzoq yillardan buyon dilda boru ammo tilga chiqmaydigan muammolardan biri edi. Ayni paytda Prezidentimizning “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori aynan ana shu muammoni tag-tomiri bilan hal etishga qaratilgani bilan ham koʻplab mutaxassislar eʼtiborini tortmoqda.
Qarorga koʻra, 2021-yil 1-oktyabrdan qurilishi tugallangan va foydalanishga topshirilgan koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshirilishi hamda mazkur muddatda koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadigan boʻldi.
Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud boʻlgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga boʻlgan mulk huquqini rasmiylashtirishda notarial idoralar tomonidan tegishli shartnomada aks ettirilishi va yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantirilishi belgilab qoʻyildi.
Bunda koʻp kvartirali uy-joylarda yashovchi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni toʻlab berish uchun subsidiya ajratilishi ham koʻzda tutildi.
Qarorga muvofiq, endi koʻp kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi obyektlarni qurish, mulkdorlar amal qilishi majburiy boʻlgan koʻp kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash hamda uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan koʻprogʻi ovoz bergan taqdirda amalga oshiriladi. 2021-yil 1-avgustgacha loyiha doirasida biriktirilgan hududlar, 2022-yilning 1-yanvariga qadar esa butun respublikada koʻp kvartirali uy-joyga xizmat koʻrsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi.
2021-yil 1-oktyabrgacha koʻp kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri ham ishga tushiriladigan boʻldi. 2021-yil 1-iyuldan koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga oʻtgan uy-joylar uchun jalb etilgan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida uch yilgacha uzaytirish choralari koʻriladi.
Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati