Ishchi guruh Qarshi tuman kichik sanoat zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Hududda elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozor talabini qondirmoqda. Shuningdek, mahalliy mahsulotlarni kelgusida xorijga eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Jumladan, savdo terminallari (infokioska) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Promax” masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasida 2 milliard 500 million soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 50 ming AQSH dollari xorijiy investitsiya hisobiga toʻgʻri keladi. Bugungi kunda korxonada 15 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda. Yillik quvvati ming dona boʻlgan savdo terminallari bugun respublikamizning barcha nuqtalarida xizmat koʻrsatmoqda. Yaqin kelajakda mazkur mahsulotlarning qariyb 30 foizini MDH davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilgan.

Uyushma ishchi guruhi korxonani qayta faoliyat boshlashi va uning faoliyatini xalqaro talablarga mos darajaga koʻtarish uchun har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda va doimiy tarzda amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda. Xususan bojxona, soliq va bank kreditlari toʻlovi, korxona mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirish, marketing tadqiqotlari, bozorlarni oʻrganish, xorijiy investorlarni jalb etish, yangi investitsion loyihalar ustida ishlashga oid masalalarda koʻmaklashayotgani shular jumlasidandir.

Hududlarda investitsion, sanoat va eksport salohiyatini tatbiq etish hamda iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan shunday tadbir va saʼy-harakatlar respublika boʻylab davom etmoqda.