Koronavirus pandemiyasi aholining zaif qatlamlariga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Joriy qilingan karantin choralari, ayniqsa, daromadi past, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, qarovchisi boʻlmagan yolgʻiz qariyalar, bemorlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning ahvolini yanada zaiflashtirdi. Hukumat tomonidan ana shunday muhtoj qatlamlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida amaliy choralar koʻrildi: aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolariga nafaqa tayinlangani, 400 mingdan koʻproq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik pul mablagʻlari ajratilgani bunga misol.

Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi bilan shu yilning aprel oyida “COVID-19 pandemiyasining Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatiga taʼsirini kamaytirish dasturi” ishga tushirildi. Bu bilan mamlakatimizda gumanitar, tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etishda hukumatga koʻmaklashish koʻzda tutilgan. Mazkur Dastur doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirishga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda aholining ehtiyojmand qatlami ishtirokini oshirish” loyihasini yoʻlga qoʻydi. Maqsad – mahalliy hokimliklar va tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda qishloq aholisining ehtiyojlarini baholash va manzilli yordam koʻrsatish, mahalliy kichik infratuzilmani tiklash va yaxshilash boʻyicha inklyuziv yondashuvlarni amalga oshirishdan iborat.

Qarshi va Chiroqchi tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarda shu vaqtga qadar loyiha doirasida qilingan ishlar taqdimot qilindi. Qayd etilganidek, mazkur loyihaning uchinchi bosqichi joriy yilning avgust oyida Qashqadaryo viloyatida oʻtkazildi. Loyiha mezonlaridan kelib chiqib, viloyatning Qarshi tumanidan — “Qoratepa” va “Saroy” MFYlari; Chiroqchi tumanidan — “Tor jilgʻa” va “Eski Anhor” MFYlari tanlab olindi. Ushbu MFYlarda yashovchi boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali ayollar, 1-guruh nogironlari, 65 yoshdan oshgan yolgʻiz keksalar, ehtiyojmand oilalar roʻyxati fuqarolarning oʻzlari ishtirokida shakllantirildi. Fuqarolar ishtirokida infratuzilma muammolari ham aniqlab olindi. Bu borada asosiy muammo — elektr ustunlarining eskirgani, ularning yaroqsiz holga kelib qolgani, taʼmirtalab ichki koʻchalar, ichimlik suvi tanqisligi ekani aytildi.

Tadbirda onlayn ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi loyiha menejeri Aleksandr Zenebe ushbu jarayonda nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlami ham ishtirok etayotganini ijobiy baholadi.

– Yevropa Ittifoqi koronavirus pandemiyasi taʼsirini yumshatishga qaratilgan jahon, mamlakatlar va hududiy miqyoslardagi dasturlarni ishga tushirgan. Xususan, Oʻzbekistonda COVID-19 pandemiyasining Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatiga taʼsirini kamaytirishga oid dastur uchun qariyb 37 million yevro ajratilgan. Bunda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularning salohiyatini oʻstirish, aholi farovonligini oshirish koʻzda tutilgan. Dastur doirasidagi mahalliy loyihalarda nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlami ham ishtirok etib, qarorlar qabul qilayotgani bizni mamnun qiladi, — deydi A.Zenebe.

Ikki kun davomida ehtiyojmand deb topilgan 118 nafar fuqaroga pul mablagʻlari (plastik kartada 3 687 900 soʻmdan) hamda sertifikat topshirildi. Shu tariqa Qarshi tumanidan 60 kishi, Chiroqchi tumanidan 58 kishi moddiy yordam oldi.

Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamiga birinchi huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda aksiya tashkil etildi. Unda Qarshi va Chiroqchi tumanlarining huquqiy maslahat byurolari mutaxassislari tomonidan fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berildi.

Qayd etish kerak, loyiha doirasida oʻtgan besh oy mobaynida Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi jami 12 ta chekka mahallalardagi 350 ta ehtiyojmand oilaga pul mablagʻi tarqatildi. Oldinda yana shuncha mahallaning kichik infratuzilmasini takomillashtirish rejalashtirilgan. Bunda eng birinchi galda zarur deb topilgan masalalar mahalliy hokimlik, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda hal qilinadi.

Shuningdek, oʻrganilgan hududlardagi Oilaviy shifokorlik punktlari va Qishloq vrachlik punktlarini zarur tibbiy vositalar bilan taʼminlashga koʻmaklashish ham koʻzda tutilgan. Eʼlon qilingan tender natijasiga muvofiq, xarid ishlari yakuniga yetgach, tibbiy vositalar manzillariga yetkaziladi, deb xabar beradi “Yuksalish umummilliy harakati matbuot xizmati.