Navro'z ayyomi arafasida Qarshi shahrida yangi qurilgan xonadonlarni egalariga tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda viloyat hokimi o'rinbosari Akbar Eshonqulov va Qarshi shahar hokimi Normo'min Xolboyev so'zga chiqib, xonadon egalarini yangi uylar bilan muborakbod etdi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yilda “Qarshi City” loyihasining birinchi bosqichi doirasida shaharning Navo mahallasi hududidagi 22 gektar maydonda 7 ta 16 qavatli uylarni qurish ishlari boshlangan edi. Qarshi shahar qurilish invest buyurtmasi asosida bosh pudratchi “Agromir buildings” MCHJ quruvchilari tomonidan hozirda 240 ta xonadonga mo'ljallangan 3 ta 16 qavatli uylar qurib bitkazildi. Mazkur uylarning 12 tasi yosh oilalarga, 6 tasi xotin-qizlarga, 3 tasi migrantlarga, qolgan 219 tasi uy-joyga muhtoj boshqa shaxslarga berildi. Ushbu xayrli ish hudud ahli uchun bayramga munosib tuhfa bo'ldi.
Ma'lumot uchun, ushbu uylarning har bir qavatida bittadan 3 xonali va to'rttadan 2 xonali kvartiralar bo'lib, ular uzoq muddatli ipoteka krediti asosida bunyod etildi.