Qarshi shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli sobiq 4-son oilaviy poliklinika oʻrnida davlat-xususiy sheriklik asosidagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Durbek Med Servis” xususiy korxonasi oʻrtasida 10 yil muddatga bitim imzolandi. Mazkur bitimga asosan tadbirkor tomonidan 1,1 milliard soʻm investitsiya kiritilishi belgilangan boʻlib, hozirgi vaqtga qadar 2,5 milliard soʻmlik ishlar bajarildi. Muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan toʻliq jihozlandi. 28 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Tibbiyot markazida ambulator xizmatlardan tashqari 21 ta statsionar oʻrin ham mavjud boʻlib, yiliga 7140 nafar bemor qabul qilishga moʻljallangan.
Markaz ginekologiya, xirurgiya, urologiya yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat yuritadi. Kelgusida jami 4 milliard soʻmlik MSKT, laparaskop va endourologiya uskunalarini keltirish, mikroinvaziv jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, shuningdek, bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan shifokorlar malakasini xorijdagi nufuzli klinikalarda oshirish rejalashtirilgan.
Eng muhimi, bugun foydalanishga topshirilgan ushbu shifo maskani Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi arafasida vohamiz ahli uchun munosib tuhfa boʻldi.