Musobaqada respublikamizdagi olimpiya zaxiralari kollejlarida tarbiyalanayotgan, 2004-2005 hamda 2006-yillarda tugʻilgan 140 nafar yigitlardan iborat yosh dzyudo ustalari ishtirok etmoqda.

“Olimpiya choʻqqilari”dan joy olgan mazkur chempionatning reglamentiga muvofiq, bugun 42, 46, 50, 55 va 60 kg. vazn toifalarida gʻoliblar nomi aniqlansa, 19-mart kuni 66, 73, 81, 90 hamda +90 kg. vazn toifalarida kuchlilar saralanadi.

Musobaqani oʻtkazishdan maqsad olimpiya zaxiralari kollejlarida sport zaxirasi va malakali sportchilarni tayyorlash tizimini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tanlab olish hamda Oʻzbekiston yoshlar terma jamoalari uchun kuchli sportchilarni tayyorlash.

Ilhom RAHMONOV