Qayd etilishicha, ushbu markazda 13 ta katta-kichik hujralar tashkil etilib, ularda zargarlik, kashtachilik, yogʻoch oʻymakorligi, ganchkorlik, soatsozlik, milliy liboslar tikish va gilam toʻqish ishlari bilan shugʻullanuvchi hunarmandlar ish boshlagan. Shu bilan birga, 20 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Shuningdek, bu yerda Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilgan zargarlik maktabi ham ochilgan. Xususan, unda zargarlikning Qoraqalpoq—Xorazm, Buxoro—Samarqand, Toshkent—Fargʻona, Qashqadaryo—Surxondaryo maktabi namunalari oʻrin olgan.

Toshkent shahrida 2019-yil 27-dekabrda Prezident va yoshlar uchrashuvida qashqadaryolik zargar Sharif Raupov viloyatda zargarlik maktabi ochish taklifini kiritgan va shundan soʻng Qashqadaryoda maktabning va hunarmandlar markazining yaratish ishlari boshlangan.

“Olti sulolaning davomchisi sifatida 12 yildan buyon zargarlik bilan shugʻullanib kelaman. Shaxsan oʻzim, 2019-yilda Qoʻqonda oʻtkazilgan festivalda «Yilning eng yosh hunarmandi” nominatsiyasini qoʻlga kiritganman. Biz yaratgan buyumlar yurtimizga sayohatga kelganlar, qanday turist boʻlmasin, ularning yonidan shunchaki oʻtib ketolmaydi. Taqinchoqlar orqali hunarmandning qandaydir harorati oʻtadi, deb oʻylayman. Faoliyatim davomida XIV—XIX asrlargacha tayyorlangan, Oʻzbekistondan olib chiqib ketilgan noyob zargarlik buyumlarining nusxasini yaratishga muvaffaq boʻldim. Mana shu markazda ham ulardan ayrimlarini koʻrishingiz mumkin», — deydi zargar Sharif Raupov.