Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida 10-aprel kuni fuqaro O.T. Majburiy ijro byurosi xodimini pichoqladi.
Maʼlum boʻlishicha, davlat ijrochisi S.Badalboyev shu kuni soat 15:40 da qarzdor fuqaro O.T. yashash xonadoniga 26 million 982 ming soʻmlik bank krediti va boshqa qarzdorliklarni undirish boʻyicha majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish uchun borgan.
Shu orada davlat ijrochisi xonadonga kelganda qarzdor yoʻqligi maʼlum boʻlgan va telefon orqali undan kelishini soʻragan. Qarzdor esa turli bahonalar bilan kelmasligini aytgan. Shundan soʻng xodim qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli majburiy ijro harakatlari tayinlanganini bildirib, qarzdordan kelishini soʻragan.
Fuqaro O.T. esa davlat ijrochisini qasddan oʻldirish maqsadida xoʻjalik pichogʻi bilan kelib, qonuniy faoliyatga qarshilik qilgan holda xodimning koʻkrak qafasiga xoʻjalik pichogʻi bilan urmoqchi boʻlganida, oʻzini himoya qilgan va oʻng qoʻl kaft sohasidan jiddiy jarohat olgan.
Qarzdor yana davlat ijrochisini oʻldirish maqsadida uning ortidan quvgan vaqtda ijro harakatlarida ishtirok etayotgan boshqa davlat xizmatchilari tomonidan qoʻlidagi xoʻjalik pichogʻi olib qoʻyilishi sababli jinoyatni oxiriga yetkaza olmagan.
Holat boʻyicha Toʻraqoʻrgʻon tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati xabar bermoqda.