Majburiy ijro byurosining Yangiyoʻl shahar boʻlimi ish yurituvida fuqarolik ishlari boʻyicha sudning ijro varaqasiga asosan qarzdor yuridik shaxsdan undiruvchi bank foydasiga jami 2 milliard 294 million soʻm kredit qarzdorligini undirish toʻgʻrisida ijro hujjati mavjud.
Uning ijrosini taʼminlash maqsadida, qarzdorning bank hisob raqamlariga taqiqlar qoʻyilib, qarzdor yuridik shaxs rahbariga mazkur qarzdorlikni bartaraf etishi yuzasidan bir necha bor ogohlantirish berilgan. Biroq, ushbu qarzdorlikni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlab kelingan.
Davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan tezkor ijro harakatlari davomida, qarzdor kafilning bankdagi yana bir hisob raqamiga 2 milliard 111 million soʻm pul mablagʻlari kelib tushgani maʼlum boʻldi. Qarzdor esa, ushbu mablagʻlarni MIB xodimlari yechib olmasligi uchun naqd pul koʻrinishda olishga urinadi. MIB xodimlari ushbu pul mablagʻlari tezkorlik bilan naqd koʻrinishda hatlab olib, tegishli hisob raqam orqali bank qarzdorligi boʻyicha yoʻnaltirib beriladi.
Bu mablagʻlar endi, fuqarolarimizning oylik maoshi, pensiya, stipendiya va boshqa zaruriy ehtiyojlarga qaratiladi. MIB xodimlarining bu ishi qarzdor fuqaroga yoqmasa-da, boshqa tomondagi insonlar uchun oʻziga xos amaliy koʻmak boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.