Ammo har ikki holatda ham bu ishlar Vazirlik hamda hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan qatʼiy nazoratga olingan. Shunday ekan bu gal Qashqadaryo viloyatidagi qurilish obyektlarida aniqlangan maʼlumotlar taqdim etiladi.

1. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Shurtan” MFY hududidagi “1-son kompleks loyiha qurilish va montaj” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan “Koʻp qavatli turar-joy” binosi oʻrganilganda SHNQ 3.01.01-03 “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” talablariga asosan obyektda majburiy yuritilishi lozim boʻlgan ijro hujjatlari yuritilmaganligi, binoda ishlatilgan monolit temir beton konstrkutsiyalarining loyihaviy mustahkamligiga mos kelishi boʻyicha laboratoriya sinov xulosalari olinmaganligi, Vazirlar Mahkamasining 18.05.2018-yildagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari yaʼni shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmaganligi hamda 5-ilovasiga asosan hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan qurilish-montaj ishlari boshlanganlik holati aniqlangan.

Ushbu aniqlangan kamchiliklar boʻyicha pudratchi tashkilotga nisbatan 24.12.2020-yildagi 1154-sonli yozma koʻrsatma berilib, kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga topshirilgan.

2. Xuddi shunday Qarshi shahrining I.Karimov hamda “Tupxona” koʻchalari chorrahasida “Ulkan inshoot qurilish servis” MCHJ tomonidan qurilayotgan “Mehmonxona” binosida oʻrganish olib borilganda qurilayotgan binoda quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

Obyekt qurilishi uchun tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlariga ijobiy yigʻma ekspertiza xulosasi olinmaganligi, obyektni loyihalashtirish uchun ishlab chiqilgan bosh reja hamda fasad koʻrinishlariga arxitektura va shaharsozlik kengashining bayonnomasi olinmaganligi hamda Vazirlar Mahkamasining 18.05.2018-yildagi 370-sonli qarorining 5-ilovasiga asosan hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan qurilish-montaj ishlari boshlangani yuzaga chiqqan.

Oʻz navbatida qurilayotgan obyektda ishlatilayotgan qurilish materiallarining sifat hujjatlari mavjud emasligi, temir beton konstruksiyalarida ishlatilgan beton qorishmalarining loyihaviy mustahkamligiga mosligi boʻyicha laboratoriya sinov xulosalari olinmaganligi aniqlangan.

Mazkur aniqlangan kamchiliklar hududiy inspeksiya tomonidan 1136-sonli yozma koʻrsatmada belgilangan muddatda bajarilmaganligi sababli maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborilgan.

3. Qarshi shahrining Jayxun koʻchasi hududida “Nazira” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan “Avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shahobchalari va naves” qurilishi hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan boshlanganligi sababli obyektda inspeksiyaning 181-sonli ishlab chiqarish buyrugʻiga asosan qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi oʻtkazilgan.

Qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi jarayonida obyektda SHNQ 3.01.01-03 “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” qoidasining 7.2-bandi talabiga zid ravishda qurilish poydevorining tuproq osti zichligini aniqlash boʻyicha laboratoriya sinov xulosalari olinmaganligi, ishlab chiqilgan ishchi loyihada naves qurilishi ishlarida ustunlarga D150 mm.li metall quvurlar, tom yopma ishlarida metall fermalar koʻrsatilgan boʻlib, amalda QMQ 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” qoidasi va loyiha talabida zid ravishda ustunlar oʻrniga oldin foydalanilgan yigʻma temir beton ustunlar va kolonnalar montaj qilinganligi aniqlangan.

Aniqlangan kamchilik va nuqsonlar boʻyicha pudrat tashkilot “Nazira” xususiy korxonasi rahbari nomiga 980-sonli yozma koʻrsatma berilgan boʻlib, belgilangan muddatda bajarilmaganligi sababli maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilib, tegishli sud organiga yuborilgan.

4. Qamashi tumanining “Oqguzar” MFY hududida “Zamin metan servis” MCHJ tomonidan qurilayotgan 2 qavatli “Supermarket” binosi qurilishi hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan boshlanganligi sababli obyektda inspeksiyaning 8-sonli ishlab chiqarish buyrugʻiga asosan, qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi oʻtkazilgan.

Qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi jarayonida obyektda SHNQ 3.01.01-03 “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” qoidasining 1.13-bandi talabiga zid ravishda obyektda majburiy yuritilishi lozim boʻlgan texnik ijro hujjatlaridan umumiy jurnal, materiallarning kirim nazorati, maxsus ishlar, beton, payvand, texnika xavsizligi jurnallari yuritilmaganligi, SHNQ 3.01.01-03 “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” qoidasining 2.4-bandiga asosan bino qurilishida ishlatilgan monolit temir beton konstrkutsiyalarining mustahkamligi loyihaga mosligi boʻyicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagani aniqlangan va bu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilgan.

Yurtimizning shahar va tumanlarida amaldagi qonunchilik, shaharsozlik norma, qoida va talablarini qoʻpol ravishda buzib, obyekt qurayotgan xususiy sektorlarga nisbatan doimiy oʻrganish ishlari davom etadi hamda aniqlangan qoidabuzarliklar boʻyicha tegishli tartibda choralar koʻriladi.

Qurilish vazirligi

Matbuot xizmati