Shu kunlarda Surxondaryoning shimoliy tumanlarida hamda Qashqadaryoning togʻli hududlarida oʻta qalin tuman tushishi va sovuq harorat kuzatilmoqda. Daraxt va simyogʻochlar oppoq qorga burkangan.
Guyoki, tuni bilan hammayoqda qor yogʻib chiqqanday. Xalqimiz tilida tabiatning bu hodisasi “bulduruq” (izmoros) deyiladi.
Bulduruq qalin tuman sabab koʻrinuvchanlikning 50 metrgacha cheklanganida hamda haroratning 0 darajadan past boʻlganida kuzatiladi.
Namlikka oʻta toʻyingan havo tarkibidagi suv kristallashib, daraxt shoxlari va simyogʻochlarga yopishib qoladi. Yaʼni, qirov atrofni qor kabi qamrab oladi.
Bulduruqning sovugʻi juda kuchli boʻlgani uchun oʻzbek xalqida “Bir bulduruq uch qorga tatiydi” degan maqol bor.