Mazkur korxonalar tomonidan 2020-yil davomida 223,7 mlrd. soʻmlik toʻquv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi. Shundan 20,7 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar MDH davlatlariga eksport qilindi.
Eng asosiysi, xolding kompaniyasi tarkibidagi korxonalarda 3 250 nafardan ortiq aholi ish bilan taʼminlangan. Ularning qariyb 75 foizini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etadi.
Keyingi manzil “Gulchilikni rivojlantirish markazi” boʻldi. Mehmonlar markazda mahalliy tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan gullarning zamonaviy plantatsiyalarini yaratish, gul yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va resurslarni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Zafar plast” korxonasida plastik buyumlar, santexnika jihozlari va ichimlik suvi sigʻimlari ishlab chiqariladi. Korxona tomonidan bugungi kunda qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorliklar yoʻlga qoʻyilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar mahalliy hamda jahon bozorida oʻz oʻrniga ega.
Delegatsiya aʼzolari “Yuksalish” kichik sanoat zonasida joylashgan “Flat Tile” va “Fabrika Nashe" korxonalari bilan tanishdi. Mazkur korxonalarga kiritilgan sarmoyalar hajmi va ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlar koʻlami, eksport istiqbollari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan soʻng mehmonlar Toʻraqoʻrgʻon tumaniga yoʻl oldi. Bu yerda Gold fresh Fruits MCHJ qarashli tajriba uchastkasida boʻlishdi. Jamiyatning 582 gektar maydondan 250 gektari hosilga kirgan, gilos, oʻrik, shaftoli yetishtiriladi. Oʻtgan yili 200 ming dollarlik mahsulot Dubay, Koreya, Germaniya va Xitoyga eksport qilindi, 150 ta ishchi oʻrni yaratilgan.
Safar yakunida delegatsiya aʼzolarini viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov qabul qildi.
—Sizlarni Namanganda koʻrib turganimizdan mamnunmiz. Bunday tajriba almashuvlari nihoyatda kerak. Bizda kichik biznes va sanoat zonalari borasida maʼlum yutuqlarga erishilgan boʻlsa, Qashqadaryodan dehqonchilik va chorvachilik borasida oʻrganadiganlarimiz koʻp. Demak, bu oʻzaro bordi-keldilarning boshlanishi, aslo yakuni emas, — dedi viloyat rahbari.
Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi aʼzolari samimiy qabul va mehmonnavozlik uchun oʻzlarining minnatdorliklarini bildirdi.