“Niyoz” maydonidagi 1-sonli izlov qudug‘ini burg‘ilash ishlari 2021-yilning 25-martida boshlangan bo‘lib, quduqni 3435 metr chuqurlikgacha burg‘ilashga erishildi. Uning 3236–3293 metr chuqurligidagi qatlamlarini maxsuldorlikka sinash natijasida sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan tabiiy gaz va gaz kondensat oqimlari olindi. O‘tkazilgan dastlabki tahlillarning natijalariga ko‘ra, quduqdan kunlik 43 ming kub metr tabiiy gaz va 7,3 kub metr gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.
Hozirgi vaqtda yangi kondagi 1-sonli quduqdan olinayotgan uglevodorodlarning hajmlarini aniqlashtirish, quduqdan tabiiy gaz va gaz kondensati mahsulotlarini qazib olish hajmlarini ko‘paytirish, kon bo‘yicha kelgusi istiqbolli ishlar dasturini ishlab chiqish, zahiralarning tarqalish maydonini baholash hamda sanoat miqyosidagi qazib chiqarish imkoniyatlarini aniqlashga qaratilgan bir qator tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, kelgusida “Niyoz” konida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va konning mavjud zahiralarini samarali o‘zlashtirishni tashkil qilish maqsadida navbatdagi 2-sonli izlov qudug‘ini loyihaviy 3900 metr chuqurlikga burg‘ilash bo‘yicha tayyorgarlik ishlariga start berildi.
2022-yil yakuniga qadar ushbu kon hududida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish orqali uning chuqur yer osti tuzilishi mukammal o‘rganish va barcha yer osti parametrlariga aniqlik kiritish, tabiiy gaz va gaz kondensati xom ashyosi mavjud bo‘lgan barcha qatlamlarning raqamli formatdagi “3D” geologik modellari yaratish hamda 2-sonli quduqni mahsuldorlikka sinash natijasida 1,0 mlrd kub metr miqdorida tabiiy gaz zahiralarini o‘stirish maqsad qilingan.
Yangi ochilgan “Niyoz” koni “Tarnasoy”, “Bo‘zaxo‘r”, “Tavvakal”, “Jankara” va “Janubiy Tandircha” kabi konlarning yaqinida va sanoat infratuzilma ob’ektlariga yaqin joylashganligi, ushbu kondan mahsulot qazib chiqarishni qisqa muddatlarda tashkil etish imkonini beradi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan yangi ochilgan ushbu kondan qazib olinadigan uglevodorod mahsulotlari birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi aholisi va iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini barqaror ravishda tabiiy gaz mahsuloti bilan ta’minlashga va ularning yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talabini qondirishga yo‘naltiriladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislarining fikriga ko‘ra, yangi kon kelgusida ushbu hududda neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hamda yangi tabiiy gaz konlarini ochish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ustyurt mintaqasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysida joylashgan maydonlarda yangi neft va gaz konlarini ochishga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlari davom etmoqda.