BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi mahalliy chorvadorlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Qashqadaryo viloyatining G'uzor tumani Taxam qishlog'i yaqinida joylashgan quduqni ta'mirlashga yordam berdi. Bu haqida FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Taxam” qishlog'ining aholisi 1,5 ming kishini tashkil qiladi. Qurg'oqchil iqlimi sababli chorvachilik mahalliy aholi uchun asosiy daromad manbaiga aylangan. Mazkur qishloq atrofida hammasi bo'lib 3 mingdan ortiq qo'y boqiladi. Yuqorida aytib o'tilgan quduq ushbu aholi punktidagi qishloq xo'jaligi ehtiyojlari uchun yagona suv manbai hisoblanadi. Uni tiklash uchun 90 million so'mga yaqin mablag' sarflandi, ta'mirlash ishlari ikki oydan ko'proq davom etdi. Endilikda mahalliy aholi undan kuniga 40 kubometrgacha suv olish imkoniga ega bo'ldi.

— Birinchi navbatda, ilgari foydalanilmayotgan yaylovlardan foydalanish imkoniyati paydo bo'ldi, —  deydi loyihaning milliy menejeri Muhammadjon Qosimov. — Bu me'yordan ortiqcha foydalanib kelinayotgan yaylovlarda chorva mollarini boqish yuklamasini kamaytirishga imkon beradi. Chorva mollarini yaylovlar bo'yicha bir tekisda boqilishini ta'minlash qurg'oqchil dasht hududlari uchun katta ahamiyat kasb etadi. Bu mahalliy o'simlik va hayvonot dunyosining saqlanishiga ham hissa qo'shadi.

Yangi quduqning ishga tushirilishi mahalliy aholining quvonchiga va ularda ertangi kunga ishonch paydo bo'lishiga sabab bo'ldi.

— Bu biz uchun katta yordam bo'ldi, — deydi “G'uzor qorako'lchilik” MCHJ direktori Otabek Ismatov. — Xo'jaligimiz qorako'lchilik bilan shug'ullanadi. Biz qimmatbaho qorako'l terilari, shuningdek, go'sht va jun yetkazib beramiz. Xo'jalikning 86 ming gektar yaylov maydoni va 40 mingdan ziyod chorvasi bor. Kelajakdagi rejalarimiz katta, qo'ylar bosh sonini ko'paytirish va xo'jalikni rivojlantish niyatidamiz.

Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish bo'yicha amaliyotlar ko'lamini kengaytirish “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. O'zbekistonda bu loyiha Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurg'oqchilik va cho'llanishga qarshi kurashish konvensiyasi va BMTning Iqlim o'zgarishi to'g'risidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qo'shmoqda.