Bugungi shiddatli islohotlar davrida har bir hududning taraqqiyot yo‘nalishi mavjud resurslar bilan kifoyalanib qolmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan zamonaviy iqtisodiy tizimga o‘tishni taqozo etmoqda. Ilgari xomashyo bazasi sifatida qaralgan Qashqadaryoda so‘nggi yillarda kechayotgan o‘zgarishlar drayver sohalarni kengaytirish, agrar tarmoqda suv va resurs tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yo‘nalishlarida yangi bosqichga ko‘tarildi. Yalpi hududiy mahsulotning muttasil o‘sishi, sanoat tarkibida to‘qimachilik va qurilish materiallari ulushining ortishi hamda eksport geografiyasining kengayishi hududning iqtisodiy imkoniyatlari naqadar kengligini namoyon qilmoqda.

Viloyatda qabul qilingan maqsadli manzilli dasturlar, yangi sanoat va erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi, shuningdek, turizm salohiyatini kompleks ishga solishga qaratilgan loyihalar mahalliy aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Muhimi, mahallalarning iqtisodiy ixtisoslashuvi, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida to‘liq ishlab chiqarish va sotuv zanjirining yo‘lga qo‘yilishi kambag‘allikni qisqartirishda, barqaror ish o‘rinlarini yaratishda o‘ziga xos samaradorlikni ko‘rsatyapti. Ta’lim va raqamlashtirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda aholini toza ichimlik suv va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlashga qaratilgan tizimli tashabbuslar viloyatning kelajakdagi istiqbollarini belgilab bermoqda.

Vohada amalga oshirilayotgan ana shu keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati, sanoatlashtirish, agrar tashabbuslarning natijadorligi hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini atroflicha yoritish maqsadida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov bilan suhbatlashdi.

— Prezidentimiz joriy yilning 10-mart kuni Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda hududda ishga solinmagan katta iqtisodiy salohiyat mavjudligini ta’kidlab, investitsiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi va bandlikni oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Bugun ushbu vazifalar ijrosida qaysi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda?

— Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida shunday fikrni alohida ta’kidlagan edi: “Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”. Bu tamoyil ko‘zlagan marralarimizga yetishimizda asosiy dasturilamalimiz bo‘lmoqda. Yurtimizdagi yangilanishlar, islohotlar bugun qashqadaryoliklar hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Avvalo, suhbatimizni oxirgi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning viloyatimizdagi samaralari haqidagi ayrim raqamlardan boshlasak. Viloyat yalpi hududiy mahsuloti oxirgi 5 yilda 1,5 baravarga o‘sib, 100 trillion so‘mdan oshdi. Qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish, xizmatlar yo‘nalishlarida ham o‘sishlar kuzatildi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra viloyat iqtisodiyoti 8,4 foiz o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi ham 55,7 trillion so‘mni tashkil qildi. Yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichni 120 trillion so‘mga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olganmiz.

Sanoat ishlab chiqarish ham 8,3 foiz o‘sdi. Elektrotexnika sohasida o‘sish 184, kimyo sohasida 143, mebelsozlikda 130, farmatsevtikada 119, to‘qimachilikda 116 va qurilish sanoatida 110 foizni tashkil qildi. Birgina misol, Qarshi shahridagi “Alp texno-servis” korxonasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 90 milliard so‘mlikdan ko‘p elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqardi va bu ko‘rsatkich 19 karraga oshdi. Bu mahsulotlar to‘liq eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxona birinchi yarim yillikda 13 million dollarlik eksportni amalga oshirdi.

“Qarshi Conch Cement” zavodi ham qariyb 600 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi, o‘sish sur’ati 130 foizni, eksport hajmi 11 million dollarni tashkil etdi. Joriy yilning o‘tgan 6 oyida asosan importni qisqartirishga qaratilgan 962 milliard so‘mlik 60 ta loyihamiz ishga tushirildi. Bundan tashqari, 110 ta korxona faoliyati tiklanib, shuning hisobidan qariyb 32 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Ayni paytda viloyatimizda Islohotlar shtabi samarali faoliyat olib bormoqda. Shtab chet ellik investorlar bilan viloyat tadbirkorlari muloqotini yo‘lga qo‘yib, juda katta imkoniyat va tashabbuslar borligini aniqlayapti. Yuqorida siz qayd etgan yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 13-mart kuni Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari qaror bilan viloyatimizni rivojlantirish uchun 1,4 trillion so‘m mablag‘ ajratib berdi. Natijada viloyatimizning barcha tarmoqlarida yangi o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror viloyatimiz uchun yangi taraqqiyot bosqichini boshlab beradigan muhim dastur hisoblanadi.

Jumladan, yalpi hududiy mahsulot o‘sishini ta’minlash, investitsiyalar hajmini 3,5 milliard, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish kabi aniq maqsadlar bilan ishlayapmiz.

— Qashqadaryo tabiiy resurslarga boy hudud. Endi asosiy maqsad xomashyo emas, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan ishlab chiqarishni rivojlantirishdan iborat. Bu borada viloyatda qanday yangi sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda?

— Yaqin yillarda ham Qashqadaryo viloyati xomashyo bazasiga aylanib qolgan hududlardan biri edi. Viloyatimizda ko‘proq neft-gaz korxonalariga ko‘z tikib qolingandi. Bilasiz, vohamizda respublikadagi eng ko‘p paxta, g‘alla, pilla, chorvachilik mahsulotlari yetishtiriladi. Lekin bu yo‘nalishda faqat paxta zavodlaridan boshqa korxona yo‘q edi.

Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat tufayli viloyatimiz sanoatining asosiy mazmuni tubdan o‘zgardi, ya’ni maqsad mahalliy xomashyoni tayyor mahsulotgacha qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, import o‘rnini bosish va eksportbop mahsulot turlarini ko‘paytirishdan iborat.

To‘qimachilik viloyat sanoatining asosiy drayver yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Viloyatda 2017-yilda 1,3 trillion so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 9,5 barobarga oshib, 12,4 trillion so‘mga yetdi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 459 ta to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonasida 101 ming tonna ip-kalava, 25,4 million kvadrat metr ip-gazlama, 15,5 ming tonna mato, 100 million donaga yaqin tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilgan. To‘qimachilikning viloyat sanoatidagi ulushi 26 foizni tashkil etmoqda va yil yakuni bilan 30 foizga yetkaziladi. Bugungi kunda viloyatda paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjir yaratilgan. Sohada qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu borada viloyatimizda faoliyat yuritayotgan sanoat zonalari katta ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, “Sulton Tex Group” MChJ tomonidan qiymati 120 million dollar bo‘lgan 3500 ta ish o‘rniga ega, suvni isrof qilmaydigan, O‘zbekistondagi unikal mato, tayyor kiyim-kechak, gigiyenik vositalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning keyingi bosqichini mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Yana bir yirik tashabbus — Muborak tumani Konchilar mahallasida 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasini tashkil etish. Unda 5 ta asosiy va 30 ta qo‘shimcha loyihani joylashtirish, muhandislik tarmoqlarini oldindan yetkazish va investorlarga tayyor ishlab chiqarish maydoni taklif etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi atrofida ham sanoat zonalarini tashkil qilish bo‘yicha ishlayapmiz.

Sanoatni faqat yirik shaharlar yoki sanoat markazlariga to‘plab qo‘ymasdan, chekka tumanlarda ham bir maromda rivojlantirish asosiy maqsad qilib olingan. Buning uchun yangidan tashkil etilayotgan har bir korxona oldiga aniq va qat’iy talablar qo‘yilmoqda. Xususan, yangi korxonaning mahalliylashtirish darajasi, energiya samaradorligi, eksport imkoniyati va yaratilgan barqaror ish o‘rni va hokazo. Shu yo‘l bilan hududlarning iqtisodiy salohiyati tenglashtiriladi, tumanlarda yangi sanoat nuqtalari paydo bo‘ladi va aholining turmush darajasi oshiriladi.

— Suv tanqisligi Qashqadaryo uchun ham dolzarb masalalardan biri. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kanallarni rekonstruksiya qilish va agrar sohada samaradorlikni oshirish bo‘yicha qanday aniq natijalar kutilyapti?

— Xabaringiz bor, mamlakatimizda eng qimmat suv Qashqadaryoda. Amudaryodan 7 ta nasos stansiyasi orqali Qarshi magistral kanalida viloyatimizning paxta va g‘alla eng ko‘p yetishtiriladigan bir qator hududlariga suv yetkaziladi. Shu bois, Qashqadaryoda suvdan tejamkor foydalanish qishloq xo‘jaligining barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq aholisi daromadi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Hozir 260,7 ming gektar, ya’ni sug‘oriladigan maydonlarning 51 foizi suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 58 foizga yetkazish, jumladan, 70,6 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish hamda 27,4 ming gektar maydonni lazerli tekislash belgilangan. Suv yetkazib berish tizimida 320 kilometr magistral va 3,3 ming kilometr ichki kanalni betonlash, 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu choralar yiliga 800 million kub metrgacha suvni iqtisod qilish imkonini beradi.

Bugunga qadar 66 kilometr kanal qurildi va rekonstruksiya qilindi, 687 kilometr sug‘orish hamda kollektor-drenaj tarmog‘ida ta’mirlash ishlari bajarildi. Natijada 11,8 million kub metr suv yo‘qotilishining oldi olinib, 18,5 ming gektar yerning suv ta’minoti hamda 7,2 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi. Suv tejamkorligi agrotexnologiya bilan birga qo‘llanadi. Buning uchun sifatli urug‘, zamonaviy texnika, tuproq tahlili va oziqlantirish me’yorlari suv bilan yagona texnologik jarayonda boshqariladi.

Kelgusi bosqichda suv hisobi raqamlashtirilib, asosiy kanal va nasos stansiyalarida “aqlli” o‘lchash vositalari o‘rnatiladi. Natija bajarilgan qurilish hajmi bilan emas, dalaning oxirigacha yetib borgan suv, tejalgan elektr energiyasi va gektardan olingan qo‘shimcha daromad bilan baholanadi. Yetakchi oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, vohamizdagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda suvsizlikka chidamli ekinlarini ekish bo‘yicha tadqiqotlar ko‘lami kengaymoqda.

— Prezidentimiz tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bozorlarda go‘sht, meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalsangiz.

— Bu yo‘nalishda Qashqadaryoda imkoniyatlar juda katta. Ayniqsa, chorva bo‘yicha. Shuni hisobga olgan holda, viloyat hokimligi tomonidan chorvachilik sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga doir ma’lumotlar to‘plami ishlab chiqilib, fermerlar va dehqon xo‘jaliklari rahbarlariga yetkazilmoqda. Bu to‘plamda qoramolchilik, qo‘ychilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik sohalari qamrab olingan.

Shu bilan birga, Prezidentimiz qaroriga asosan, paxta va g‘allaga ixtisoslashgan har bir fermer xo‘jaligiga chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish uchun 20 sotixdan yer maydoni berilmoqda. Hozirgi kunda 384 ta fermer xo‘jaligimiz bu yo‘nalishdagi ishlarni boshladi.

Qashqadaryoda qorako‘lchilik xo‘jaliklari ham bor. Yaqinda ularning rahbarlarini yig‘ib, muammolarini eshitdik, banklar bilan bog‘ladik. 1 avgustdan boshlab ularga imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Xorijdan naslli mollar olib kelganlar qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilmoqda. Bu ham chorvadorlarimizga yaratilayotgan imkoniyatning bir ko‘rinishi. Shu bilan birga, xorijdan go‘sht olib kelish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Vohada 3 ta yirik kompaniya mazkur faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda omborlarimizda 200 tonnadan ortiq go‘sht zaxirasi yaratilgan. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida narxlarning kunlik monitoringini amalga oshiryapmiz, aniq strategiyalarni belgilayapmiz.

Yana bir masala. Mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etishni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Qashqadaryo misolida lokomotiv tizimni joriy qilyapmiz. Bu yerda davlat qo‘llab-quvvatlashi bor, imtiyozlar va preferensiyalar berilgan, moliyaviy yoki infratuzilmaviy yordamlar ko‘rsatilyapti. Ekspertlar, innovatsiyalar jalb qilinyapti. Qonunchilikda qancha qo‘llab-quvvatlashlar bo‘lyapti. Imtiyozlarni hamma ham bilavermaydi. Har bir mahallaga biriktirilgan rahbarlar bularni odamlarga yetkazyapti.

Mahalla tadbirkorligini rivojlantirish uchun ilmli, malakali mutaxassislar jalb qilinyapti. Subsidiyalar, foizsiz kreditlardan lokomotiv korxonalar orqali maqsadli foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Kredit va subsidiyalar tarqoq loyihalarga emas, har bir mahallaning asosiy iqtisodiy yo‘nalishiga xizmat qiladigan ishlab chiqarish zanjiriga beriladi. Kelgusida lokomotiv korxonalarga maqom berish, uning aniq huquq va majburiyatlarini belgilab borish taklif qilinmoqda.

Mahallada bankirlar odamlar bilan ishlayapti, kredit olib beryapti, yangi mikroloyihalarni amalga oshiryapti. Kattaroq loyihalar qilish uchun viloyatdagi tijorat banklarida joylashgan loyiha ofislariga murojaat qilib, aholiga istiqbolli, tay¬yor loyihalarni taqdim etyapti. Mahallada dehqon xo‘jaliklari bilan ham alohida ishlayapmiz. Lokomotiv korxonaga urug‘chilik seleksiyasini yaxshilash uchun urug‘chilik institutlari biriktirilmoqda. Har kim o‘zi bilganicha ekin ekmay, bozorbop, eksportbop mahsulotlar yetishtirish chorasini ko‘rishi kerak.

Lokomotiv korxonalarga lizing asosida yangi texnikalar ham berilmoqda. Shuningdek, ular agrokimyoviy mahsulotlar, o‘g‘itlar ta’minoti, agronomlarni yollash, mahsulotini sotib olib, eksportga yo‘naltirish masalalarida dehqon xo‘jaliklariga ko‘maklashadi. Shu singari bir qator tadbirlar orqali bugungi kunda Qashqadaryoda oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida narxlar barqaror saqlanishiga erishilmoqda.

— Prezidentimiz viloyatda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishni eng muhim vazifalardan biri sifatida belgiladi. Sizningcha, aholi daromadini barqaror oshirishda qaysi mexanizm eng samarali natija bermoqda?

— Eng samarali mexanizm — mahallaning ixtisoslashuvi, oilaning imkoniyati va tayyor bozorni bitta iqtisodiy zanjirga birlashtirishdir. Faqat kredit ajratish bilan cheklanmasdan, tayyor biznes loyiha, kasbga o‘qitish, infratuzilma, mahsulotni qabul qiluvchi “lokomotiv” korxona va sotuv kanalini bir vaqtda ta’minlash zarur.

2026 yilning birinchi yarim yilligida 331 mingdan ziyod aholining bandligi -ta’minlandi. Shundan 45 mingdan ziyodi doimiy ish o‘rniga joylashtirildi, qariyb 51 ming fuqaroning mehnat faoliyati rasmiylashtirildi va 235,4 ming aholiga daromad manbai yaratildi. Ishsizlik darajasi 4,6 foizga tushdi. Yil yakuniga qadar uni 3,2 foizga, kambag‘allik darajasini esa 3 foizgacha qisqartirish vazifasi belgilangan.

Bu yondashuvning amaliy misoli Ko‘kdala tumanidagi polizchilik zanjirida ko‘rinadi. Joriy yilda 20 ming gektar maydonda tarvuz yetishtirilib, 105 ming tonna hosil olindi va 10 ta davlatga 35 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Har bir gektardan o‘rtacha 60 million so‘m sof daromad olingani xonadon, dehqon va fermer xo‘jaliklarini yagona sotuv tizimiga birlashtirish samarasini ko‘rsatdi.

Viloyatda chuqur ixtisoslashgan mahallalar soni 209 tani, o‘rta ixtisoslashgan mahallalar 492 tani, past ixtisoslashgan mahallalar 74 tani tashkil etadi. Joriy yilda 106 ta mahallada ixtisoslashtirish darajasini 50 foizdan oshirishni maqsad qilganmiz. Qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan mahallalarda urug‘ va ko‘chat yetkazib berish, agrotexnik xizmat ko‘rsatish, yetishtirish, yig‘ib olish, saralash, saqlash, qayta ishlash va sotish jarayonlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtirildi.

Hurmatli Prezidentimiz har doim bizga ilmga asoslangan holda yondashib, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish vazifasini belgilab beradi.

G‘uzor tumanidagi Dashtobod mahallasi tajribasi mahalla ixtisoslashuvi, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili va qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Dashtobod mahallasi pomidorchilikka ixtisoslashgan. Pomidor yetishtirish maydoni 800 gektarga, yillik hosil hajmi 60 ming tonnaga yetkazildi. Yetishtirilgan mahsulot respublikaning 5 ta viloyati bozorlariga yetkazilmoqda.

Mahsulotni saralash, qadoqlash, quritish, qayta ishlash va eksportga tayyor mahsulot sifatida sotish orqali “daladan — tashqi bozorgacha” qo‘shilgan qiymat zanjirini to‘liq shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda. Dashtobod mahallasi aholisining turmush sharoiti va farovonlik darajasidagi o‘zgarishlarni quyidagi 5 ta ko‘rsatkich orqali ifodalamoqchiman:

— 2020 yilda mahallada 42 ta yengil avtomashina bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 936 taga yetdi yoki 22 barobarga oshdi;

— tadbirkorlik subyektlari soni 23 barobarga (3 tadan 70 taga), rasmiy band aholi soni 40 barobarga ko‘paydi;

— oliy ta’limga qamrov darajasi 5 barobarga oshdi;

— ilgari ishsizlik yuqori bo‘lgan ushbu hududga hozir boshqa hududlardan 1000 nafarga yaqin ishchi kuchi jalb qilinmoqda;

— mahalla jinoyatchilik, ishsizlik, kambag‘allik, oilaviy ajrimlar va notinch oilalardan xoli hududga aylandi.

Yoki Koson tumani Esaboy mahallasi o‘zining sabzichilik maktabi bilan yurtimizda tanilgan. Jami 2700 gektar maydonda sabzi ekilib, har gektardan o‘rtacha 40-45 tonna, jumladan, 2025-yilda 110 ming tonna sabzi yetishtirildi hamda aholi va tadbirkorlar tomonidan 220 milliard so‘m daromad olindi. Mahallada sabzi yetishtirish asosida qo‘shilgan qiymatning bir nechta zanjiri shakllantirilib, aholining daromadi bir necha barobarga oshdi. Jumladan, 14 yetakchi tadbirkor sabzini yuvish, saralash va qadoqlash sexlarini ishga tushirgan. Ushbu sexlarda bir kunda o‘rtacha 150 tonna mahsulot tayyor holatga keltirilib, respublikamiz bozorlariga, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur sexlarda 140 fuqaro doimiy va 300 dan ortiq aholi mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, sutkalik quvvati 15 ming dona polipropilen qop ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 24 ta xonadonda umumiy sig‘imi 5300 tonna bo‘lgan sovitkich hamda muzlatkichlar tashkil etildi. Mahsulotni yuvish, qadoqlash, saqlash va sotish natijasida uning qiymati bir necha barobarga oshmoqda.

Qashqadaryo erkin iqtisodiy zonasida mustaqillik bayrami arafasida meva-sabzavotlarni quritish, qadoqlash va eksport qilishga mo‘ljallangan yangi zavod ishga tushadi. Bu yerda 20 turdagi mahsulot tayyorlanib, xorijga yo‘naltiriladi. Bu yangi ish o‘rinlari degani. Ammo bizning bosh maqsadimiz bandlik raqamlarini ko‘paytirish emas. Asosiysi, bu kabi loyihalar orqali oilalar yillar davomida barqaror va kafolatlangan daromad manbaiga ega bo‘lsin.

— Qashqadaryoning Shahrisabz, Kitob, Miraki kabi hududlari katta turizm salohiyatiga ega. Viloyatni xalqaro turizm markazlaridan biriga aylantirish uchun qanday yangi loyihalar amalga oshirilmoqda?

— Qashqadaryoni haligacha cho‘l hududi deb o‘ylaydiganlar yo‘q emas. Viloyatimizda bir vaqtning o‘zida to‘rtta faslni kuzatish mumkin. Bu yerda turizmni rivojlantirishdan asosiy maqsad sayyohni bir obyektga olib kelish emas, uning viloyatda qolish muddatini uzaytiradigan va mahalliy aholi daromadini oshiradigan to‘liq xizmatlar zanjirini yaratishdir. Yiliga qariyb 1 million sayyohni jalb qilayotgan Miraki tajribasi tog‘, ziyorat, gastronomik va oilaviy turizmni birlashtirish uchun asos qilib olinmoqda. Shahrisabz tumani “Miraki” MFYda 240 gektarlik “Shahrisabz” turistik markazida umumiy 1050 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta 3 yulduzli mehmonxona, 135 ta uy-mehmonxonalari, 4 ta xostel, 3 ta sanatoriya, savdo-ko‘ngil¬ochar markazlari hamda bir vaqtning o‘zida 130 nafar turistga xizmat ko‘rsatuvchi 2100 metrli dor yo‘li, avtoturargoh va restoran ishga tushirildi. Shuningdek, “Hisorak” suv omborida tyubing, osma ko‘prik, qiyalikdagi arg‘imchoqlar, 2 ta umumiy uzunligi 1 kilometr bo‘lgan ziplayn va suv sathida 20 ga yaqin katerda sayohat xizmatlari tashkil qilindi. Bu model Shahrisabz, Kitob, Qamashi va Yakkabog‘ hududlariga kengaytiriladi.

Qamashi tumanida “Maydanak” baland tog‘ turizm markazini tashkil etish, Shahrisabz tumanida bir vaqtning o‘zida 13 ming sayohatchiga xizmat ko‘rsatadigan “G‘elon” xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish, Yakkabog‘ tumani Tatar qishlog‘ida turizm xizmatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Ekstremal va ziyorat turizmi yo‘nalishidagi sayyohlar uchun jozibador bo‘lgan Hazrati Sulton cho‘qqisi hududida xavfsiz treking yo‘nalishlari, yo‘l ko‘rsatkichlar, qutqaruv nuqtalari va chodirli oromgohlar tashkil etiladi. Shahrisabzdagi tarixiy va madaniy meros obyektlari Kitob geologiya qo‘riqxonasi, Miraki va tog‘ qishloqlari bilan yagona ko‘p kunlik marshrutga bog‘lanadi.

Joriy yilda 45 ta mehmonxona va oilaviy mehmon uyi tashkil etib, qo‘shimcha

1130 ta o‘rin yaratish belgilangan. Birinchi yarim yillikda 3 ta mehmonxonada 180 ta o‘rin, 28 ta oilaviy mehmon uyi va 5 ta boshqa turizm obyekti ishga tushirildi. Transport qulayligini oshirish maqsadida 38 ta avtobus olib kelinib, 6 ta yangi yo‘nalish ochildi. Keyingi bosqichda aviaqatnov, temir yo‘l, avtobus va ichki turistik marshrutlar jadvali o‘zaro muvofiqlashtiriladi.

— Bugungi rahbardan nafaqat iqtisodiy natija, balki ochiq muloqot ham talab etilmoqda. Hokim sifatida aholi murojaatlari va tanqidlaridan qanday xulosa chiqarasiz? Qaror qabul qilishda qaysi tamoyil siz uchun eng muhim?

— Xalqimiz murojaatini tinglash — asosiy vazifamiz. Viloyat hokimi Xalq qabulxonasi mudiri hisoblanadi. Xalq ichiga kirmasak, muloqot qilmasak, oyog‘imiz yerdan uzilib qolishi mumkin. Bugun viloyat hokimining qo‘lida hamma imkoniyat bor, mablag‘ bor. Prezidentimiz hamma imkoniyatni yaratib beryapti. Videoselektor yig‘ilishlarida viloyatda hal etish imkoni bo‘lmagan masalalarni qo‘ysak, zudlik bilan chorasi ¬topilyapti.

Birgina misol, Qashqadaryoda 2017 yilda ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi amalda atigi 11 foiz bo‘lgan. Oxirgi yillarda bu yo‘nalishda 2 trillion 750 milliard so‘m mablag‘ ajratib berildi. Shuning evaziga ta’minlanganlik darajasi 61,5 foizga yetdi. Qarshi shahrida 200 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga kanalizatsiya va oqova suv tarmoqlari ta’mirlandi. Bu ishlar oldindan hisobga olinmaganida, ayniqsa, anomal issiq sharoitida qancha-qancha odamlarning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

Prezidentimizning o‘tgan yilning iyun oyida viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari asosida “Hisorak suv ombori suvidan foydalanish -hisobidan Qashqadaryo viloyati aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” bo‘yicha yirik loyiha ijrosi tobora jadallashib bormoqda. Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida Qamashi, G‘uzor, Qarshi tumanlari va Qarshi shahridagi 1,1 million nafar aholining ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi.

Aholi bilan qanchalik ko‘p uchrashsak, mahallalarga, maktablarga, shifoxonalarga kiradigan bo‘lsak, avvalo, o‘zimizga foyda bo‘ladi. Hokim sifatida tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, tezkor xolis munosabat bildirish, chora-tadbir belgilanishini ta’minlashga harakat qilaman.

— Qashqadaryo yoshlari ilm-fan, tadbirkorlik va zamonaviy kasblarga qiziqishi uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratilyapti? Sizningcha, viloyat taraqqiyotida yoshlar qaysi sohada asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin?

— Yoshlar uchun imkoniyatlarni uch yo‘nalishda kengaytiryapmiz: raqamli kasblar, texnologik tadbirkorlik va sanoat bilan bog‘langan amaliy ta’lim.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ikkita bank yoshlarimizga biriktirildi. Milliy bank oliy ta’lim bitiruvchilari bilan, “Aloqabank” yoshlarimiz tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlayapti.

Viloyatda 67 ta AT park rezident korxonasi faoliyat yuritib, ularda 700 nafarga yaqin yosh daromad topmoqda. Joriy yilda AT xizmatlari eksportini 10 million dollarga yetkazish va Qarshi shahrida yangi zamonaviy AT park binosini tashkil etish rejalashtirilgan. Qarshi va Yakkabog‘ tumanlarida yangi formatdagi Yoshlar markazlari, Qarshi shahrida Media markaz barpo etilmoqda. Ularda dasturlash, sun’iy intellekt, grafik dizayn, robototexnika, xorijiy tillar, kontent yaratish va elektron tijorat bo‘yicha amaliy kurslar tashkil etiladi.

Bugun viloyatimizdagi 9 ta oliy ta’lim muassasasida 102 ming talaba o‘qimoqda. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrash darajasi 9 yil oldin 9 foiz edi, ayni paytda 50,4 foizga yetdi. Xalqaro mehnat bozori uchun kasbiy tayyorgarlikda Germaniya bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. 2026-yilda 3 ming, 2027-yilda 5 ming nafar yoshni talab yuqori kasblarga o‘qitib, tartibli mehnat migratsiyasi asosida ishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Buning uchun Qarshi shahrida Ta’lim va texnologiyalar markazi ochildi.

Qashqadaryoda yoshlar, eng avvalo, AT va sun’iy intellekt, agrotexnologiya, sanoat muhandisligi, logistika va zamonaviy turizmda asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin. Chunki viloyatda resurs va ishlab chiqarish bazasi bor, uning samaradorligini oshiradigan asosiy omil esa yangi bilim va texnologiyadir.

— Agar besh yildan keyin Qashqa¬daryo viloyati haqida bitta asosiy natija bilan faxrlanish imkoniyati bo‘lsa, bu qaysi sohadagi o‘zgarish bo‘lishini istar edingiz?

— Albatta, respublikamizda, xususan, viloyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalarning boshida muhtaram Prezidentimiz turibdi. Ichimlik suv yetkazib berish, yo‘llarni asfaltlashtirish, yangi qurilayotgan binolar, maktablar, bog‘chalar, sanoat korxonalari, kiritilayotgan investitsiyalar — hamma-hammasi davlatimiz rahbarining tashabbusi va yaratib bergan sharoiti samarasidir. Viloyat hokimi sifatida, avvalo, Prezidentimiz jamoasida ishlayotganimdan, xalqimizga xizmat qilayotganimdan faxrlanaman.

Islohotlar natijasida odamlar ko‘zlarida chaqnayotgan quvonch va g‘ururni ko‘rib, o‘zimiz ham xursand bo‘lib ketamiz. Odamlarimiz yanada yuqori daromadli bo‘lishga intilyapti. Bolalariga sifatli ta’lim berishga, zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanishga, sport bilan shug‘ullanishga investitsiya kirityapti. Bu ham xalqimizning turmush farovonligi oshganligidan, shunga mos tarzda dunyoqarashi o‘zgarayotganidan dalolat. Tushungan odam bugun o‘zini ortiqcha xarajat, dabdababozliklardan cheklayapti. Uning o‘rniga farzandining ta’limiga, sog‘lig‘iga, kelajagiga e’tibor qaratyapti. Tadbirkorlarimiz ham o‘zini xalqimiz xizmatiga ko‘proq safarbar qilyapti. Yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalangan holda ular ham o‘zida Vatan taraqqiyoti uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini sezmoqda. Mana shunday o‘zgarishlar bardavom bo‘lishini istar edim.

Besh yildan keyin faxrlanishni istaydigan asosiy natijam — Qashqadaryoning tabiiy resurs sotadigan hududdan bilim, texnologiya va chuqur qayta ishlashga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotga aylanganidir. Vohadoshlarimiz “Qashqadaryoda ishlash, yashash va farzand tarbiyalash uchun sharoit tubdan yaxshilandi”, deb baholasa, bu eng katta faxrimiz bo‘ladi.

— Murotjon Berdialiyevich, mazmunli suhbatingiz uchun sizga ko‘pdan-ko‘p rahmat!