Qashqadaryo viloyatida turizmni strategik darajaga ko'tarish, ichki turizm hajmini keskin ko'paytirish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratish, shuningdek, aholini ish bilan ta'minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Turizm va madaniy meros vazirligi viloyatning sayyohlik maskanlari haqida yozdi.
Bugungi kunda viloyatda 48 ta mehmonxona, 194 ta mehmon uylari, 16 ta hostellar turistik qatlam uchun xizmat ko'rsatmoqda. Hududda 17 ta yirik turistik ob'ektlar mavjud bo'lib, yil davomida 700 mingdan ortiq turistlarni o'zida qabul qiladi.
Shahrisabz -Kitob-Chiroqchi tumanlari marshrutidagi turistik obyektlar:
Shahrisabzning tarixiy markazida qadimgi shaharga tegishli turli xil me'morchilik yodgorliklari shahar tarixining dalili sifatida saqlanib qolgan. Ular orasida Oqsaroy va Ko'k Gumbaz masjidini ajratib ko'rsatish mumkin.
Xo'ja Ilm Kon xonaqosi 1345-yilda bunyod etilgan bo'lib, Kitob tumanida joylashgan. Bu qadamjoga Islom so'fiylik tariqati a'zosi Xo'ja Abduboqi — keyinchalik Xo'ja Ilm Kon nomi bilan mashhur bo'lgan ulamo dafn etilgan.
Ushbu hududda joylashgan Hazrat Sulton cho'qqisining balandligi, dengiz sathidan hisoblaganda 4 688 metrni tashkil etadi. Ushbu cho'qqi Hisor tog' tizmasidagi suvayirg'ichning janubiy qismida, Kishtut daryosining boshlanish qismida joylashgan. Cho'qqi atrofdagi hududlardan tik qurumli qoyalar hosil qilib ko'tarilgan. Cho'qqining yonidan oqib o'tuvchi va shu hududdan boshlanuvchi daryolar havzasida abadiy qor va muzliklar yastanib yotibdi.
Suvtushar sharsharasi viloyatning janubida joylashgan bo'lib, balandligi 84 metrni tashkil etadi. Qattiq sovuq tufayli sharshara muzga aylanadi. Qo'riqxona ilmiy xodimining ma'lum qilishicha, sharsharaning muzlashi har yil yanvar oyida kuzatiladi. Havo harorati 18-20 darajaga sovishi natijasida bunday hodisa sodir bo'ladi.
Shuningdek. go'zal tabiati bilan mashhur — dengiz sathidan 2250 metr balandlikda, purviqor tog'lar bag'rida joylashgan G'ilonga tashrif buyurgan har qanday sayyoh olam-olam taassurotlar og'ushida qoladi. Qishloq ahli asosan bog'dorchilik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug'ullanadi.
Bundan tashqari, Qarshi-Koson-Kasbi marshrutida Abul Mu'iyn An-Nasafiy, Sulton Mir Haydar, Qusam shayx ota, Shayx Shibli, Yer qo'rg'on arxialogik majmuasi kabi turistik obyektlar mavjud bo'lsa, Qarshi-Yakkabog' marshrutida “Abu Ubayda al Jarroh”, “Tutak ota”, “Odina masdjid” ziyoratgohlari, Oq kamar sharsharasi hamda “Qoplon dara” ekoturistik ob'ektlari aholiga xizmat ko'rsatmoqda.