Dehqonobod tumani Gʻoʻroti qishlogʻida yashovchi 58 yoshli Xonbibi Esanova koʻp yillardan beri tizza boʻgʻimi gonartrozi (yemirilishi)dan aziyat chekib kelgan. Viloyat tibbiyot muassasalarida olgan konservativ davo muolajalari esa kutilgan natija bermagan. Oxir-oqibatda shifokorlar onaxonni operatsiya qilish lozim, degan xulosaga kelishdi.
Oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlardan soʻng Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yetakchi mutaxassisi Odil Valiyev boshchiligidagi mahalliy shifokorlar tomonidan ushbu bemorda tizza boʻgʻimini endoprotezlash operatsiyasi bajarildi.
Natijada bemor davolanish uchun uzoq yoʻl bosib, poytaxtga borishiga hojat qolmadi. Ayni paytda uning ahvoli yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, Xonbibi aya tez kunda yana mustaqil yura oladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.