Qashqadaryoda kompyuter qurilmalari ishlab chiqariladi

    Qashqadaryoda Xitoyning bir necha yirik kompaniyalari hamkorligida kompyuter qurilmalari ishlab chiqariladi.

    Viloyati hokimligi delegatsiyasi Xitoyning Shenjen shahridagi kompyuter texnologiyalari yoʻnalishidagi yirik kompaniyalar Shenzhen T.D.S Electronic Technology va xalqaro Intel kompaniyalari hamkorligida Qarshidagi erkin iqtisodiy zonada monoblok, noutbuk, ona platalar, videokartalar va boshqa kompyuter qurilmalari ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvga erishdi.

    Loyihaning dastlabki qiymati 30 million dollar boʻlib, unda yillik 1 milliondan ortiq mahsulotlar va qurilmalar ishlab chiqariladi.

    Mazkur investitsiyaviy loyiha 2024-yilning 4-choragida ishga tushiriladi. Unda 120 nafar xodim ish bilan taʼminlanadi. Xodimlarning aksariyati Xitoyda va xitoylik mutaxassislar ishtirokida Oʻzbekistonda malaka oshiradi.