Qashqadaryoda qalbaki 5 ming AQSH dollarini 25 mln soʻmga sotmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

    Muqaddam sudlangan Sh.E. qalbaki 5 ming AQSH dollarini 25 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Soʻnggi vaqtlarda chet davlatlardan qalbaki valyuta kupyuralarini mamlakatimizga olib kelish holatlari koʻp kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolardan xorijiy valyuta qimmatliklari bilan muomala qilishda xushyor boʻlishni talab etadi.

    Zero, bunday salbiy holatlar davlatning iqtisodiy xavfsizligi tahdid soluvchi omillardan sanaladi. Shu bois, Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan bu yoʻnalishda doimiy tarzda tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshiriladi.

    Xususan, DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Muborak tumanida yashovchi, 1952-y.t., muqaddam sudlangan Sh.E. qalbaki 5 ming AQSH dollarini 25 mln. soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida Sh.E. mazkur qalbaki kupyuralarni Kitob tumanida yashovchi, 1964-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan T.X.dan olganligi aniqlanib, u ham ushlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, ushbu qalbaki xorijiy valyutalar Qozogʻiston Respublikasidan olib kelingan.

    Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.