Qashqadaryoda qariyb 520 million soʻm miqdordagi energiya dasturga kiritilmagani aniqlandi

    Energetika 25 Noyabr 2020 1114

    Ayni kunlarda havo haroratining keskin pasayishi isteʼmolchilarga energiya yetkazib berish sohasida baʼzi-bir qiyinchiliklar tugʻdirayotgani sir emas. Energiya isteʼmolining oshib ketishi va haroratning pasayishi tizimda quvvat tanqisligini va ayrim texnik nosozliklarni keltirib chiqarmoqda.

    Bunday vaziyatda isteʼmolchilarga uzluksiz va sifatli energiya yetkazib berishda taʼminotchi korxona vakillarining maʼsuliyati oshishi bilan bilan birga isteʼmolchilarning isteʼmol madaniyatini oshishini hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanishini talab etadi.

    Shu maqsadda isteʼmolchilarning energiyadan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va oldini olish, qarzdorlik holatlarini bartaraf etish, hisobga olish tizimini qoidalar talablariga mosligini nazorat qilish, taʼminotchi korxona xodimlari tomonidan isteʼmolchilar bilan ishlashda oʻzlariga belgilangan vazifalarni qay darajada bajarayotganligi aniqlash yuzasidan “Oʻzenergoinspeksiya” Qashqadaryo hududiy boʻlimi xodimlari tomonidan Koson tumanida “Qashqadaryo HET” AJ xodimlari ishtirokida oʻrganish oʻtkazildi.

    Oʻrganish davomida 10 dan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlarda qonun buzilishlar aniqlandi. Jumladan, hisoblagichdan tashqari foydalanish va oʻzboshimchalik bilan almashtirish, shartnomasiz noqonuniy foydalanish hamda shartnomada tarifni notoʻgʻri qoʻllanganligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, besh marotaba hisoblagich koʻrsatgichlarini hisobotlarda notoʻgʻri aks ettirilishi, reaktiv energiya isteʼmolining meʼyordan oshgani uchun qoʻshimcha isroflarni undirilmaganligi holatlari aniqlandi.

    Bu kabi holatlarda taʼminotchi korxona tomonidan shartnomalarning sifatsiz rasmiylashtirilganligi, isteʼmolchilarning energiya isteʼmoli nazorati susaytirilgan, hisob-kitoblarda xatoliklar boʻlganligi aniqlandi. Natijada, qariyb 520 000 000 soʻm miqdoridagi energiya miqdori dasturga kiritilmaganligi aniqlandi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

    “Oʻzenergoinspeksiya” Qashqadaryo hududiy boʻlimi tomonidan mazkur holat yuzasidan isteʼmolchilar va taʼminotchi korxona xodimlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.

    Q.Xolmirzayev,

    “Oʻzenergoinspeksiya”

    Qashqadaryo hududiy boʻlimi

    bosh mutaxassisi