Qashqadaryoda tugʻruqxona elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olgani aniqlandi

    “Oʻzenergoinspeksiya” Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi tibbiyot muassasasida toʻgʻridan-toʻgʻri tarmoqqa ulanib elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

    Bu haqda “OʻZENERGOINSPEKSIYA” matbuot xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi markazi Qashqadaryo viloyati filialida 4 dona chiller sovitish tizimini (quvvati 612.6 kVt) elektr tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanganligi aniqlandi.

    Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra elektr taʼminoti korxonasi manfaatiga 2 mlrd 182 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.